O‘zbekistonning moliyaviy sharoitlari yengillashdi — Markaziy bank
2025-yilning I-yarim yillik Moliyaviy barqarorlik sharhi e'lo

Markaziy bank “2025-yil I-yarim yillik Moliyaviy barqarorlik sharhi”ning qisqa tavsifini e‘lon qildi.
Unga ko'ra, Global moliyaviy sharoitlar biroz yengillashdi: xalqaro bozorlarda foiz stavkalar pasaydi va bir qator rivojlanayotgan mamlakatlarning milliy valyutalari mustahkamlandi.
Yuqori global noaniqlik, birinchi navbatda, iqtisodiy kutilmalarga taʼsir o‘tkazishda davom etayotgan va global iqtisodiy o‘sish surʼatlarini cheklashi mumkin bo‘lgan savdo siyosati sohasida saqlanib qolmoqda.
O‘zbekistonning moliyaviy sharoitlari yengillashdi. Xususan, ichki valyuta bozori va bank sektori, shuningdek, makroiqtisodiy muhit yaxshilandi.
2025 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston YAIM yillik 7,2 foizga o‘sdi va yil boshidan buyon so‘mning almashinuv kursi AQSH dollariga nisbatan 2,1 foizga mustahkamlandi.
Bank tizimi aktivlarning o‘sishi bilan barqaror kapital va likvidlik ko‘rsatkichlarini namoyish etdi.
Bank tizimidagi moliyaviy stress darajasi pastligicha qolmoqda, bu pul bozorining barqarorligi va bank sektoridagi ijobiy o‘zgarishlar bilan izohlanadi.
Bank tizimining jami regulyativ kapitali 17,4 foiz, likvidlikni qoplash meʼyori koeffitsiyenti 195 foiz, sof barqaror moliyalashtirish meʼyori koeffitsiyenti 117 foiz va bank sektoridagi muammoli kreditlarning ulushi 3,8 foizni tashkil etdi.
Uy xo‘jaliklarining kredit faolligi 2025 yilning birinchi yarmida o‘rtacha darajada saqlanib qoldi.
Jismoniy shaxslar kreditlarining o‘sishi kreditlash vositalarining mavjudligi va aholi talabining o‘sishini aks ettiradi.
Jismoniy shaxslarga ajratiladigan barcha kreditlar bo‘yicha qarz yuki (DSTI) cheklovining qatʼiylashtirilishi aholining umumiy qarz yukini 36 foizdan 33 foizgacha kamaytirishga yordam berdi.
Mikroqarzlar portfelining sifati yomonlashdi. Jismoniy shaxslarga ajratilgan mikroqarzlar yuqori surʼatlarda o‘sishda davom etmoqda. Bir nechta mikroqarz shartnomalariga ega qarz oluvchilar soni ortib bormoqda.
Ushbu tendensiyalar doimiy monitoringni talab qiladi, chunki ushbu chakana kreditlash segmenti aholining moliyaviy xatti-harakatlarining asosiy ko‘rsatkichlaridan biriga aylanmoqda.
Likvidlikni saqlash va qarz oluvchilarni himoya qilishga qaratilgan makroprudensial siyosat vositalari doimiy ravishda takomillashtirilib, mamlakat bank tizimining barqarorligini taʼminlash uchun faol qo‘llanilmoqda.
Shu bilan birga, kapitalga bo‘lgan talablar takomillashtirilmoqda va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan davriy tizimli xatarlarning salbiy taʼsirini kamaytiradigan va banklarning to‘lov qobiliyatini oshiradigan kapital buferlari joriy etilmoqda. Markaziy bank banklar uchun kontrsiklik kapital bufer darajasini belgilash asoslarini yaratdi.
Umuman olganda, tartibga solish yondashuvi mumkin bo‘lgan nomutanosibliklarni erta aniqlashga va o‘zgaruvchan iqtisodiy sharoitlarga qarab vositalarni bosqichma-bosqich takomillashtirishga asoslangan.
Xalqaro bozorlarda foiz stavkalari pasayishiga qaramay, nisbatan yuqori bo‘lib qolmoqda, bu esa qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini oshiradi.
Muammoli mikroqarzlar ulushining o‘sib borishi hamda garov talablarining yo‘qligi banklarda kredit xavfini va yo‘qotishlarini keltirib chiqarishi mumkin.
Ayrim banklarning depozit portfelida konsentratsiya saqlanib qolmoqda.
Ko‘chmas mulk bozorida uy-joy narxlaridagi tuzatishlar bo‘yicha noaniqliklar mavjud.
To‘lov tizimlari va raqamlashtirish jarayonining rivojlanishi bilan kiberxatarlar darajasi oshib bormoqda, bu esa moliya tizimiga va uning barqarorligiga bo‘lgan ishonchni yo‘qotishi mumkin.
Bunday tahlillarni amalga oshirish bozor ishtirokchilarini cheklashga emas, balki kelajakda moliya tizimiga taʼsir qilishi mumkin bo‘lgan tarkibiy o‘zgarishlarni oldindan yaxshiroq tushunishga qaratilgan.
Bank sektorining bardoshliligini baholash makroiqtisodiy muhitdagi turli o‘zgarishlarni modellashtiruvchi stress-testlar asosida amalga oshirildi. Moliya sektorining umumiy holati barqaror deb baholandi.
To‘lov qobiliyati makro-stress testi natijalariga ko‘ra, 2028 yilning birinchi yarim yilligi oxiriga kelib, asosiy ssenariyda bank tizimining kapital yetarlilik koeffitsiyenti 19,3 foizni tashkil qiladi, xatarli ssenariyda 8,4 foizgacha kamayishi mumkin.
Xatarli ssenariyda bank defoltining bank tizimiga tarqalish xatari past darajada qolmoqda.
Xatarli ssenariyda kapital yetarliligini taʼminlash uchun qo‘shimcha kapital talab qilinadi.
Likvidlilik makro stress-testi natijalari bank tizimidagi likvidlilik holatining barqarorligini ko‘rsatdi. Xatarli ssenariyni amalga oshirish jarayonida banklarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy pul oqimini qoplash uchun yetarli miqdorda yuqori likvidli aktivlarning mavjudligi bank tizimi bo‘yicha likvidlilik xavfini oldini oladi.
Muntazam ravishda stress-testlarni o‘tkazish bank sektori haqida to‘liqroq tasavvur hosil qilish va uzoq muddatli tarkibiy tendensiyalarni hisobga olgan holda qarorlar qabul qilish imkonini beradi.







