Jinoyat

Sahro lochinini 2 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan yigit yarim mlrddan ortiq jarimaga tushdi

Namanganlik yigit ushbu qushni 2 oy davomida parvarishlagan. Keyin uni pul zarurligi uchun sotmoqchi bo‘lganda ushlangan. Lochin Farg‘ona hayvonot bog‘iga topshirilganidan 7 oy o‘tib qafasga ko‘nikolmay nobud bo‘lgan. “Xodimlar qushni qanday parvarishlashni bilmagan va nobud qilishgan”- degan yigit sudda.  Qayd etilishicha, jarimaga tortilgan shaxs doimiy ish joyiga ega emas.

Sahro lochinini 2 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan yigit yarim mlrddan ortiq jarimaga tushdi

Farg‘onada Qizil kitobga kiritilgan lochin(shaxin)ni uyida saqlagan shaxsga jarima jazosi tayinlandi. Zamon.uz sud hujjati bilan tanishdi.

 

Foto: Ekologiya qo'mitasi

 

Sud hukmida keltirilishicha, 2003-yilda, Namangan shahrida tug‘ilgan I.I. 2025-yil yanvaridan mart oyining boshiga qadar sahro lochinini tabiatdan ajratib saqlab kelgan. Uning aytishicha, qush biron joydan tutib olinmagan.

 

“2025-yil yanvar oyida, soat 19:00 lar atrofida yashash xonadonimda o‘tirgan edim, keyin noma’lum qush devorga urilgan ovozini eshitib tashqariga chiqdim. Qush qo‘shnimizning tomida turgan ekan. So‘ng qo‘llarimni ko‘tarib uni haydaganimda ucholmasdan yerga qulab tushdi. Uyga olib kirib rasmga olib, u qanday qush ekanligini Google orqali aniqladim”- degan sudlanuvchi.

 

Shundan keyin I.I. Internet yordamida “Shaxin” deb nomlanadigan lochinni oziqlantirshni boshlagan. Uni 2 oy boqib 2 mln 500 ming so‘mga sotishga qaror qilgan. Xaridor Farg‘ona viloyatining Yozyovonidan topilgan. Yigit qushni shu  tumanga olib borgan.  O‘zini haydovchi deb tanishtirgan shaxs dastlab, 1 mln 500 ming so‘m bergan. Qolganini mashinasidan olayotganda ekologiya va ichki ishlar xodimlari voqea joyida paydo bo‘lishgan.

 

“Ular men sotgan qush sahro lochini ekanligi, Qizil kitobga kiritilgani, uni ushlab turish yoki sotish mumkin emasligini tushuntirdi. So‘ng dalolatnoma rasmiylashtirdi. Ularga shikoyatim yo‘q, lekin men lochinni sotish jinoyat ekanligini bilmagandim, bundan pushaymonman”- degan u ko‘rsatmasida.

 

Qolaversa, u doimiy ravishda qushlar oldi-berdisi bilan shug‘ullanmasligini aytdi.

 

“Lochin hayvonot bog‘ida nobud bo‘lganini sudda bildim, o‘zi u qushni kasal holatidan davolaganman, hayvonot bog‘i xodimlari qushni qanday parvarishlashni bilmagan va nobud qilishgan. Bundan noroziman. Qonunni bilmay jinoyat qildim, yoshligimni inobatga olib yengillik berishingizni so‘rayman”- degan u.

 

Sudda Farg‘ona viloyati ekologik nazorat inspeksiyasi boshlig‘i U.U. fuqaroviy da’vogar sifatida so‘roq qilindi. U tabiatda kamyob lochinga shartli xaridor bo‘lganini aytib, sudlanuvchidan yetkazilgan zararni to‘liq undirishni so‘radi.

 

“Sahro lochini yoshi, kattaligi, og‘irligi va jinsidan qat’i nazar, har bir hayvon (kallasi, terisi, shoxi va boshqalar) uchun undirish miqdori O‘zbekiston fuqarolariga bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan koyeffisiyenti 1500 barobar hisoblanishi ko‘rsatilgan. Shunga ko‘ra, jinoyat sodir etilgan paytdagi  bazaviy hisoblash miqdori  375 000 so‘m bo‘lganini inobatga olib, (1500*375000)562 mln 500 ming so‘mlik zararni Ekologiya vazirligi(hozirda qo‘mita) hisobiga undirishingizni so‘rayman” - degan u ko‘rsatmasida.

 

Mahkamada guvoh, Farg‘ona hayvonot bog‘i veterinari O.S. ko‘rsatma berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, lochin 2025-yil 28 fevral kuni og‘ir ahvolda, ya’ni ozuqa va suv berilmagan holda yetkazilgan.  Shundan so‘ng 14 kunlik karantinga olingan. Shu vaqt davomida qushning holati yaxshilangan, biroq o‘zi ov qiladigan darajaga yetmagan. Keyin u bog‘ning baliqchi va yirtqich qushlar bo‘limida saqlangan. Qafasga ko‘nikolmagan lochin 22-avgust kuni nobud bo‘lgan 

 

Guvohning qayd etishicha, ushbu lochin O‘zbekiston Qizil kitobiga zaif, tabiatan kamyob, yarim o‘troq kenja tur sifatida kiritilgan.

 

2026-yil 7 aprel kuni JIB Yozyovon tuman sudi I.I.ni Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi “e” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi va unga shu modda bilan bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari miqdorida(150 mln so‘m) jarima jazosi tayinladi.

 

Shuningdek, sudlanuvchining ehtiyot chorasi tariqasida qamoqda saqlangan 1 oy 7 kuni Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan 6 mln 937 ming 500 so‘mga tenglashtirilib, tayinlangan jazodan shunchasi chegirildi. Qolgani davlat daromadiga undiriladigan bo‘ldi.

 

Bundan tashqari, sud ish bo‘yicha yetkazilgan 562 mln 500 ming so‘mlik zararni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hisobiga undirishni belgilab, sudlanuvchini qamoqdan ozod qildi.  

 

Muallif: Shahzod O‘roqboyev

 

 

custom img

“Hududgaz Qoraqalpog‘iston”da 251,5 mlrd so‘mlik zarar aniqlandi

Holat yuzasidan mansabdorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

custom img

Toshkentda 3 yoshli o‘g‘liga zo‘ravonlik qilgan ona ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

U o‘g‘liga uxlatuvchi dori berib, uni qarovsiz qoldirib kelgani aniqlandi.

custom img

Toshkentda “Izzat Nazarbek” laqabli shaxs qo‘lga olindi

U bir necha fuqarodan qo‘rqitish va zo‘ravonlik orqali yirik miqdorda pul talab qilgan. Tezkor tadbir davomida undan ikki dona to‘pponcha va o‘q-dorilar ham aniqlangan.

custom img

Farg‘onada “Mansur Kazanskiy” laqabli shaxs tovlamachilikda gumonlanib ushlandi

Aripov Mansur noturar joyni avval o‘z nomiga rasmiylashtirib, keyinchalik uni asl egasiga qayta rasmiylashtirib berish evaziga 200 ming dollar talab qilgan.

custom img

Rossiyada terakt rejalashtirgan va Suriyaga ketmoqchi bo‘lgan surxondaryolik 4 yigit qamaldi

Tergovda ularning aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatgani va yangi a’zolarni guruhga jalb qilgani aniqlangan.

custom img

Migratsiya agentligida 1 mlrd so‘mdan ortiq budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi

Ayrim xodimlarga ishlamagan davri uchun ish haqi va qonunchilikka zid ravishda rag‘batlantirish pullari to‘langan, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

custom img

Toshkentda mast yigit keksa ayolga nisbatan uyatsiz harakat sodir etganlikda gumonlanmoqda

Holat yuzasidan unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sudga yuborildi.

custom img

Sirdaryoda sobiq murabbiyi shilqimlik qilgan qizga tayinlangan jarima bekor qilindi

Murabbiy 5 sutkaga qamaldi. Qiz xiyobonda baqir-chaqir qilgani uchun jarimaga tortilgan edi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"