Eronning vaziyati keskin mintaqadagi strategik legitimligi, strukturaviy chidamliligi va tinchlikka asoslangan diplomatiyasi
Eron milliy jipslik va birlik, harbiy kuchlarining qudrati va mustahkamligi, oliy rahbarning donishmandona choralari, huquqiy legitimlik, iqtisodiy chidamlilik va oxir-oqibat tinchlikka asoslangan faol diplomatiya kabi oltita komponentga tayangan holda, ko‘p qutblilikka intilayotgan tartibda o‘z mavqeini mustahkamlamoqda.

Tezkor geosiyosiy o‘zgarishlar sharoitida Eron Islom Respublikasi o‘zining eng murakkab strategik bosqichlaridan birida turibdi. Bu bosqich iqtisodiy va xavfsizlikka oid bosimlarni kuchaytirish bilan birga, mamlakatning mintaqaviy va xalqaro rolini qayta belgilash imkoniyatlarini yaratdi. Eron milliy jipslik va birlik, harbiy kuchlarining qudrati va mustahkamligi, oliy rahbarning donishmandona choralari, huquqiy legitimlik, iqtisodiy chidamlilik va oxir-oqibat tinchlikka asoslangan faol diplomatiya kabi oltita komponentga tayangan holda, ko‘p qutblilikka intilayotgan tartibda o‘z mavqeini mustahkamlamoqda.
Eronga qarshi misli ko‘rilmagan darajadagi iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalarda namoyon bo‘lgan AQShning maksimal bosim siyosati amalda ochiq-oydin ravishda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Albatta, ko‘p hollarda transchegaraviy va g‘ayriinsoniy xarakterga ega bo‘lgan hamda aslida ko‘p tomonlama mexanizmlar doirasidan tashqarida qo‘llaniladigan va xalqaro huquq nuqtai nazaridan noqonuniy bo‘lgan bu sanksiyalar boshidanoq ma’naviy va axloqiy mag‘lubiyatga uchragan edi.
Eron Islom Respublikasining argumentatsiyasi va harakatlari har doim milliy suverenitet, rivojlanish huquqi va tinch maqsadlardagi texnologiyalardan foydalanish imkoniyati kabi tamoyillarga asoslangan bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Bu tamoyillar xalqaro hujjatlarda tan olingan bo‘lib, Qo‘shma Shtatlar tomonidan xalqaro mezonlarga zid ravishda bir tomonlama bosim o‘tkazilishi Eronning taraqqiyotiga to‘sqinlik qila olmaydi.
Keng bosimlarga qaramay, iqtisodiy ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, Eron tarkibiy moslashish bosqichiga kirgan bo‘lib, tahdidlarni imkoniyatlarga aylantirdi. Neft bo‘lmagan tovarlar eksporti yiliga o‘nlab milliard dollarga ko‘paydi, savdo ulushi, ayniqsa boshqa Osiyo iqtisodiyotlari bilan oshdi va byudjetning neftga bog‘liqligi o‘tmishga nisbatan jiddiy ravishda kamaydi. Shuningdek, muqobil moliyaviy va savdo yo‘llarining yaratilishi tashqi shoklar qarshisidagi zaiflikni kamaytirishga qaratilgan qarshilik ko‘rsatish iqtisodiyoti namunasini shakllantirish imkonini berdi. Sanksiyalar qimmatga tushgan va iqtisodiy o‘sishga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, Eronning iqtisodiy va siyosiy qulashi borasida ko‘rilgan tush hozirgi AQSh prezidenti uchun, xuddi avvalgi prezidentlar uchun bo‘lgani kabi, o‘ngidan kelmaydi.
Energetika sohasida Eron asosiy o‘yinchilardan biri bo‘lib qolmoqda. Global neft va gaz zaxiralarida sezilarli ulushga ega bo‘lish Eronni global energiya xavfsizligining ustunlaridan biriga aylantirgan. So‘nggi davrlar voqealari mintaqadagi har qanday beqarorlik tezlik bilan global energiya bozorlariga ta’sir qilishini ko‘rsatdi. Bu esa Eronning bozor barqarorligini saqlashdagi rolining muhimligini ta’kidlaydi.
Ijtimoiy darajada, iqtisodiy bosim odamlar turmush darajasiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, Eronning samarali boshqaruv tuzilmasi qo‘llab-quvvatlovchi vositalar yordamida nisbiy barqarorlikni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Buni esa tahlilchilar Eronning institutsional salohiyati va inqirozlarni boshqarish qobiliyatining belgisi sifatida ko‘rishadi.
Ammo mintaqaviy darajada, Eronning strategik tahlilida hammadan ko‘p ajralib turadigan narsa tinchlik, barqarorlik va jamoaviy farovonlikka doimiy urg‘u berishdir. Tehron barqaror xavfsizlikka faqat mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik orqali va tashqi aralashuvsiz erishish mumkinligini bir necha bor ta’kidlagan. Shu kontekstda Eron inqirozlarni hal qilish uchun siyosiy yechimlar, muloqot va jamoaviy hamkorlik mexanizmlarini qo‘llab-quvvatladi va mas’uliyatli ishtirokchi sifatida keskinlikni kamaytirishda o‘z rolini o‘ynashga harakat qildi.
Shuning barobarida, ushbu yondashuvga yaqin tahlilchilar nuqtai nazaridan, beqarorlikning davom etishiga sabab bo‘ladigan asosiy omillardan biri sionistik rejimining Falastin, Livan va Suriya hududlarida hamda undan tashqarida davom etayotgan okkupatsiyasi va harbiy harakatlaridir. Sionistik rejimining o‘z atrofidagi hududlarga takroriy tajovuzlari, buning qarshisida esa samarali javobgarlikning yo‘qligi notinchlik siklining kuchayishiga olib keldi. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar siyosiy elitasining bir qismi tomonidan bu harakatlarning so‘zsiz qo‘llab-quvvatlanishi keskinlikning tarqalishi va diplomatik kanallarning zaiflashishida muhim omil sifatida qaralmoqda.
Bunday sharoitda mintaqadagi vaziyatni tahlil qilishdagi asosiy masala xalqaro hamjamiyatning mas’uliyati hisoblanadi. Mamlakatlar, xalqaro institutlar va xalqaro tizim xalqaro huquqqa asoslangan mas’uliyatli yondashuv asosida sionistik rejimining tajovuzkorligi va beqarorlashtiruvchi harakatlariga qarshi turishi kerak. Ushbu rejim tomonidan xalqaro huquqning buzilishiga qarshi samarali choralarning ko‘rilmasligi mintaqada va hatto undan tashqarida domino effekti tarzidagi beqarorlikning yoyilishiga olib kelishi mumkin. Bu vaziyat nafaqat bitta mamlakatga, balki butun xalqaro tizimga ham zarar keltiradi. Shu nuqtai nazardan, tinchlikni tiklash va inqirozlarning kuchayishining oldini olish jamoaviy, xolis va xalqaro qoidalarga asoslangan harakatlarni talab qiladi.
Yana bir strategik jihat shundaki, tarix harbiy kuch va qudratning o‘zi omon qolishni va uzoq muddatli ustunlikni kafolatlamasligini ko‘rsatdi. Agar shunday bo‘lganida edi, tarixdagi ko‘plab buyuk imperiyalar va davlatlar hali ham xalqaro maydonda hal qiluvchi o‘rinni egallab turgan bo‘lar edilar. O‘tmishda katta harbiy kuchga ega bo‘lgan, ammo oxir-oqibat zavol topgan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, legitimlik, hamkorlik va xalqaro miqyosda e’tirof etilish hokimiyatni davom ettirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Shunga ko‘ra, AQShning huquqiy tamoyillar va xalqaro hamkorlikni hisobga olmagan holda, faqat qattiq kuchga tayanishi nafaqat barqarorlik yaratmaydi, balki kelajakda chuqurroq beqarorlikning vujudga kelishi va hatto an’anaviy ittifoqchilarning qo‘llab-quvvatlashining yo‘qolishi uchun zamin tayyorlashi mumkin.
Shu bilan birga, mintaqaning tarixiy o‘tmishi ham muhimdir. Ushbu geografik hudud xalqlari o‘z tarixlarining kattagina qismlarida iqtisodiy va madaniy hamkorlik doirasida yonma-yon yashab kelishgan. Savdo yo‘llari, madaniy rishtalar va mintaqaviy hamkorlik nisbatan barqaror bo‘lgan tinch-totuv yashashning asosini shakllantirdi. Hurmuz bo‘g‘ozi kabi muhim o‘tish yo‘llari ham o‘nlab yillar davomida global savdoning gullab-yashnashida muhim rol o‘ynab, har doim Eronning vazminligi va mas’uliyatliligi tufayli barcha mamlakatlar uchun iqtisodiy arteriya vazifasini o‘tab keldi.
Makro darajada Eron strategiyasini «faol qarshilik ko‘rsatish» va «konstruktiv hamkorlik»ning kombinatsiyasi deb hisoblash mumkin. Shu ma’nodaki, o‘z haq-huquqi va milliy manfaatlarni himoya qilish bilan birga, muammolarni hal qilish uchun muloqot va hamkorlik yo‘lini ochiq saqlagan. O‘tmishdagi diplomatik tajribalar shuni ko‘rsatadiki, Eron o‘zaro hurmat va muvozanatli manfaatlarga asoslangan doirada barqaror kelishuvlarga erishishga tayyor.
Nihoyat, Eron bugungi kunda kuch-qudrat, hamjihatlik, birlik, donishmandlik va yetakchilik nuqtai nazaridan muhim mavqega ega bo‘lib, o‘zining milliy manfaatlarini hamda mintaqa xalqlari va davlatlarining o‘zaro manfaatlarini ta’minlashga intiladi. Ushbu kontekstda bir vaqtning o‘zida milliy manfaatlarni oldinga surishga hamda mintaqaviy tinchlik va barqarorlik o‘rnatishga intilishning qonuniyligini ta’kidlash siyosat yuritishning asosiy yo‘nalishini tashkil etadi. Ushbu qarashga ko‘ra, mintaqaning kelajagini qarama-qarshilik va bir tomonlamalik asosida emas, balki hamkorlik, jamoaviy mas’uliyat hamda xalqlarning tarixiy tinch-totuv yashash mantig‘iga qaytish asosida belgilash mumkin.
Muhammadali Iskandariy, Eron Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi








