O'zbekiston

Jizzax tibbiyotida 180 kunlik tajriba: yangi tibbiy tizimdan nimalar kutilyapti?

Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini 180 kun ichida yuqori texnologiyali hududiy referens markazga aylantirishga qaratilgan «Jizzax-180» dasturi ishga tushirildi.

Jizzax tibbiyotida 180 kunlik tajriba: yangi tibbiy tizimdan nimalar kutilyapti?

Jizzaxda tibbiyot sohasida yangi bosqich boshlandi. Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini 180 kun ichida yuqori texnologiyali hududiy referens markazga aylantirishga qaratilgan «Jizzax-180» dasturi ishga tushirildi.

 

Xo‘sh, «Jizzax-180» dasturi aholiga nima beradi? Zamonaviy tibbiy xizmatlar, yuqori texnologiyali diagnostika va davolash imkoniyatlari odamlar hayotida qanday o‘zgarish yasaydi? Shu savollarga javob izlaymiz.

 

 

Markaz direktori Jahongir Sanaqulovning ta’kidlashicha, dasturning bosh maqsadi — Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini hududiy yuqori texnologiyali referens markazga aylantirish. Bu, avvalo, jizzaxliklarni Toshkent va boshqa respublika markazlariga yuborish zaruratini kamaytirish, yuqori malakali tibbiy xizmatni yaratish imkonini oshirish imkonini beradi. 

 

Dastur doirasida oltita asosiy klinik yo‘nalishga e’tibor qaratiladi. Bular — bosh miyadagi o‘tkir o‘zgarishlarni erta aniqlash va oldini olish, buyrak va jigar transplantatsiyasi, yurak-qon tomir kasalliklari, oftalmologiya va ko‘z mikroxirurgiyasi, otorinolaringologiya va yuz-jag’ jarrohligi, shuningdek, urologiya, nefrologiya va buyrak o‘rnini bosuvchi terapiya.

 

180 kun ichida nima o‘zgaradi?

 

Dastur doirasida 100 ta chora-tadbir amalga oshiriladi. Respublikadagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarining mutaxassislari Jizzaxga kelib, mahalliy shifokorlar bilan birga ishlaydi.

 

 

Bu oddiy o‘quv jarayonidan farq qiladi. M-utaxassislar qo‘shma operatsiyalarda ishtirok etadi, murakkab bemorlar bo‘yicha konsiliumlar o‘tkazadi, telemeditsinadan foydalanadi. Eng muhimi, mahalliy shifokorlarning o‘zlari murakkab operatsiyalarni mustaqil bajara oladigan darajaga olib chiqiladi.

 

180 kunlik yo‘l xaritasi besh bosqichdan iborat. Avvaliga markazning bazaviy auditi o‘tkaziladi. Keyin mutaxassislar malakasi oshiriladi, klinik protokollar va navbatchilik tizimi takomillashtiriladi. Shundan so‘ng qo‘shma operatsiyalar, konsiliumlar va telemeditsina kengaytiriladi.

 

Yakuniy bosqichda esa natijalar baholanib, markazning 2027–2028-yillardagi barqaror rivojlanish rejasi ishlab chiqiladi.

 

Bu raqamlar ortida inson taqdiri bor


Markazda yuqori texnologiyali amaliyotlar allaqachon boshlangan. 
Jumladan, 6 nafar bemorda jigar transplantatsiyasi amalga oshirilgan. 8 nafar bemorga aorta-koronar shuntlash operatsiyasi bajarilgan. 30 nafar bemorga koronar tomirlarni stentlash amaliyoti o‘tkazilgan. Koronarografiyadan esa 1600 nafar bemor foydalangan.

 

Chanoq-son va tizza bo‘g‘imlarini endoprotezlash, neyroxirurgik operatsiyalar kabi murakkab amaliyotlar ham Jizzaxning o‘zida bajarilmoqda.

 

180 kunlik dastur yakunida bir qator aniq ko‘rsatkichlarga erishish maqsadi ko‘zlangan. 24/7 shoshilinch tibbiy xizmat takomillashtiriladi. Yuqori texnologiyali xizmatlar hajmi kamida 1,5 barobar oshiriladi. Tibbiy jihozlarning texnik tayyorgarligi 95 foizga yetkaziladi. Dori vositalarining 90 kunlik zaxirasi yaratiladi. Murakkab holatlarning barchasi konsilium asosida ko‘rib chiqiladi. Bemorlarning tibbiy xizmatdan qoniqish darajasini 90 foizga, imkoniyat bo‘lsa 100 foizga yetkazish maqsad qilingan.

 

Ammo dasturning eng kutilayotgan natijasi — respublikaga yo‘llanmalarni 25 foizga qisqartirish.



«Bir tarafdan dard bergan bo‘lsa, bir tarafdan yo‘limni ochdi»

 

 

Jigar sirrozi bilan kurashib kelgan 40 yoshli Shoira Musevaning ahvoli so‘nggi oylarda og‘irlashib, qornida suv to‘planishi, og‘riq va kuchli tushkunlik uni qiynab kelgan. Hatto davolanish uchun Hindistonga borish variantini ham o‘ylagan. Ammo zarur tibbiy yordam Jizzaxning o‘zida ko‘rsatildi. Jigar transplantatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilib, bemor bugun o‘zini yaxshi his qilmoqda.

 

Operatsiyadan oldin juda qattiq tushkunlikka tushib qolgandim. «Ertaga nima bo‘ladi? Operatsiyadan qanday chiqaman?» deb o‘ylardim. Juda qiyin bo‘ldi. Hozir esa Allohga shukr, yaxshiman. Hammasi ortda qoldi. Qaynotam Hindistonga olib boraman, degandilar. Harakat qildilar. U yerda davolanish uchun 40 ming dollar ketishi aytilgan edi. Jizzaxda shunday joylashtirishdi, shifokorlar kelib operatsiyani o‘tkazib ketishdi. Juda yaxshi bo‘ldi. Allohga shukr, hozir yaxshiman. Bir qadam — o‘zimning viloyatim. Zo‘r sharoitlar. Doktorlar hammasi yaxshi qarashyapti. Hindistonga borganimda mendan kam xabar olishardi, ikki-uch oylab qolib ketardim. Jizzax — o‘zimning viloyatim, hammasi xabar olib turishibdi. Unaqa og‘ir ahvolda edimki, Hindistongacha yetib ham borolmasdim, deb o‘ylayman. Bir tarafdan dardni bergan bo‘lsa, bir tarafdan yo‘limni ochdi Alloh. Hamma narsaga shukr ekan.



«Operatsiyadan keyin soppa-sog‘ yuribman»

 

Bu o‘zgarishlarni bemorlarning o‘zi ham his qilmoqda.

 

75 yoshli Ovulboy G‘ulmurodov Jizzax viloyatida o‘tkazilgan ko‘chma tibbiy tekshiruvda yuragidagi muammo borligini bilgan. Uning aytishicha, avval yurganda holsizlanar, ovqatdan keyin o‘zini yomon his qilardi. Ammo og‘riq kuchli bo‘lmagani uchun tekshiruvga jiddiy e’tibor bermagan.

 

Ko‘chma tibbiy tekshiruv esa uning yuragida uchta tomir yaxshi ishlamayotganini aniqlagan.

 

Avval Toshkentga, Sirdaryoga, Samarqandga borardik. Endi o‘zimizda hamma imkoniyat bor ekan. Jizzax shahriga kelsam, hamma sharoit bor ekan. Hozir operatsiyadan juda yaxshi chiqdim. Birorta joyim og‘riyotgani yo‘q, — deydi Ovulboy ota.

 

Endi bemor Toshkentni emas, Jizzaxni o‘ylaydi

 

 

Markazni referens muassasaga aylantirishdan ko‘zlangan maqsad ham — ana shu «Toshkentga borish kerak» degan tushunchani asta-sekin o‘zgartirish.

 

Bemorga murakkab operatsiya kerakmi? Jizzaxda imkoniyat bor.

 

Yuqori texnologiyali diagnostika zarurmi? Markazda zamonaviy uskunalar bor.

 

Murakkab klinik holat bo‘yicha qaror qabul qilish kerakmi? Respublika mutaxassislari bilan konsilium o‘tkaziladi.

 

Bundan tashqari, Jizzax shifokorlarining malakasini oshirishga ham katta e’tibor berilmoqda. Markaz mutaxassislari Rossiya, Germaniya, Eron, Turkiya va Koreyada malaka oshirib qaytgan.

 

Turkiyaning Acıbadem Healthcare Group klinikasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Germaniya va Xitoyning nufuzli klinikalari bilan memorandumlar imzolangan. Qozon davlat universiteti bazasining Jizzaxda tashkil etilgani esa tibbiyot xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirishga xizmat qiladi.

 

Odamlar rozi bo‘lsa, islohot natijasi bor

 

O‘tgan yili Prezidentimiz Jizzax tibbiyot klasteri bilan tanishganida ham shu jihatga alohida e’tibor qaratdi. Aholi roziligi tibbiyot tizimi faoliyatining eng muhim bahosi ekanini ta’kidladi.

 

Bu fikr Jizzaxdagi tibbiy islohotlarning asosiy mazmunini ham belgilab bermoqda. Prezident topshirig‘i — bemorga yaqin, malakakali tibbiyot yaratishga xizmat qilmoqda Ya’ni gap faqat ko‘proq bemor qabul qilish yoki ko‘proq operatsiya o‘tkazishda emas. Gap bemorning tez, sifatli va malakali tibbiy yordam olishi, davolanish uchun sarson bo‘lmasligi va shifoxonadan sog‘ayib chiqishida.

 

Boshqacha aytganda, «Jizzax-180» — Jizzaxda tibbiy xizmat sifatini oshirish va odamlarga yanada yaqinlashtirishga qaratilgan muhim qadam.

 

Kasallik kutmaydi: Jizzaxda tibbiy yordam bemorga yaqinlashmoqda

 

Sog‘liq bilan bog‘liq bir haqiqat bor: kasallik kutmaydi.

 

Ayniqsa, og‘ir tashxis qo‘yilganda yoki shoshilinch operatsiya zarur bo‘lganda, bemor uchun har bir daqiqa qimmatli. Bunday vaziyatda tibbiy yordamning qayerda va qanchalik tez ko‘rsatilishi ko‘pincha inson taqdiriga ta’sir qiladi.

 

Yaqin yillargacha Jizzaxda murakkab kasallik aniqlangan yoki yuqori texnologiyali tibbiy yordamga ehtiyoj tug‘ilgan bemorlar ko‘pincha Samarqand yoki Toshkentga yo‘l olardi. Shifo izlab yo‘lga chiqqan odam uchun esa bu nafaqat masofa, balki qo‘shimcha xarajat, vaqt va ruhiy bosim degani.

 

Bugun esa vaziyat o‘zgarmoqda.

 

180 kundan keyin nima qoladi?

 

Eng muhim savol shu. 180 kun o‘tib, bu dastur nimani o‘zgartiradi? Javob — yangi operatsiyalardan ham ko‘ra kengroq.

 

Bemorning yo‘li qisqaradi. Shifokorning malakasi oshadi. Murakkab operatsiyalar soni ko‘payadi. Respublikaga yo‘llanmalar kamayadi. Tibbiy xizmat tezlashadi.

 

Eng muhimi, odamlarda «murakkab kasallik bo‘lsa, albatta Toshkentga borish kerak» degan tushuncha o‘zgara boshlaydi. Jizzax-180 dasturidan kutilayotgan haqiqiy natija ham shu yerda ko‘rinadi. Negaki, tibbiyotning eng katta yutug‘i — bemorning o‘z uyiga yaqin joyda sifatli davolanib, sog‘lom holda oilasi bag‘riga qaytishi.

 

Mo‘tabar Nurmuhammedova

 

custom img

"O‘zbekgidroenergo" tizimidagi 8 ta obyektga yangi JAC avtomobillari topshirildi

Yangi transport vositalari tog‘li va murakkab hududlarda xizmat ko‘rsatish ishlarini tezkor tashkil etishga xizmat qilishi bildirildi.

custom img

Rossiyada og‘ir ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarosi va uning 6 farzandi vatanga qaytarildi

Fuqaroning hujjatlari yo'qligi sababli u va farzandlari vaqtincha saqlash muassasalarida bo‘lgan.

custom img

Toshkentda kvartiralarning narxi kadastrdagidan 7,4 baravar, hovli-joylarniki esa 14 baravar yuqori chiqdi

600 mingdan ortiq kvartira va 213 mingta hovli-joy ommaviy baholandi.

custom img

Sudya Aziza Mirzayeva majlisga ketayotganida halokatga uchradimi?

Oliy sud Tomdi tuman sudi raisi vafoti yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

custom img

Toshkentdagi yong‘inda halok bo‘lgan FVV ofitseri Samarqandda dafn etildi

Dafn marosimida FVV rahbariyati va shaxsiy tarkibi, marhumning yaqinlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

custom img

Banklarning moliyaviy holatini tiklash rejalariga qo‘yiladigan talablar belgilandi

Banklar moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan taqdirda ularning faoliyatini tiklashga qaratilgan rejalar endilikda belgilangan talablar asosida ishlab chiqiladi.

custom img

30-yil o‘tib, onaxonning yodiga tushgan hujjat: 1996-yildagi o‘lim fakti sud orqali tasdiqlandi

Sirdaryoda besh kunlik chaqaloqning 30-yil avvalgi o‘limi sudda tasdiqlandi.

custom img

Qashqadaryodagi ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilarining ko‘pi oliygoh talabasi bo‘ldi

Uchta maktabda bitiruvchilarning 100 foizi talaba bo‘ldi, bir qator maktablarda esa bu ko‘rsatkich 80–90 foizni tashkil etdi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"