Bangladeshda qizamiq epidemiyasi: mingdan ortiq bola vafot etdi
Mamlakatda 19,8 milliondan ziyod bola emlanganiga qaramay, kasallik tarqalishi davom etmoqda.

Bangladeshda mart oyidan buyon davom etayotgan qizamiq epidemiyasi oqibatida mingdan ortiq bola vafot etgani xabar qilindi. Mamlakatda favqulodda emlash kampaniyasi o‘tkazilayotganiga qaramay, kasallanish holatlari yana ortmoqda, deya xabar bermoqda BBC.
Hukumatning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyidan buyon qizamiq bilan bog‘liq 194 mingdan ortiq holat qayd etilgan. Seshanba kuni qizamiqdan gumon qilingan yana sakkiz kishi vafot etgan.
Mamlakatda 19,8 milliondan ortiq bola favqulodda emlash kampaniyasi doirasida vaksina olgan. UNICEF ma’lumotiga ko‘ra, 26-sentyabrdan emlanmagan bolalarni aniqlash va ularni qamrab olish uchun kampaniyaning kuchaytirilgan bosqichi boshlanadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, Bangladesh 2026-yilda dunyoning boshqa mamlakatlariga qaraganda qizamiq bilan bog‘liq ko‘proq holat qayd etgan.
Tashkilot ma’lumotida tasdiqlangan qizamiq holatlarining qariyb 83 foizi emlanmagan bolalar hissasiga to‘g‘ri kelishi qayd etilgan. Holatlarning 10 foizi esa 6 oylikdan kichik chaqaloqlarda aniqlangan. Bu yoshdagi bolalar epidemiya vaqtida kasallikning og‘ir kechishi xavfi yuqori bo‘lgan guruh hisoblanadi.
JSSTga ko‘ra, epidemiya emlash kampaniyasi boshlanishidan oldin mamlakat bo‘ylab keng tarqalgan. Shu sababli yuzaga kelgan yuqish zanjirlarini to‘liq to‘xtatish uchun vaqt talab etilmoqda. Tashkilot ayrim maqsadli bolalar emlash tadbirlari bilan qamrab olinmaganini ham tan olgan.
UNICEF dastlabki epidemiyaning kuchayishiga bir nechta omil, jumladan, aholi zichligi va COVID-19 pandemiyasi sabab muntazam emlashlarning kechiktirilishini sabab sifatida ko‘rsatgan.
BMT tashkiloti, shuningdek, Bangladeshning Muhammad Yunus boshchiligidagi muvaqqat hukumati o‘tgan yili vaksinalar buyurtmasini kechiktirgani va buning oqibatida vaksina ta’minotida uzilishlar yuzaga kelganini bildirgan. Muhammad Yunus hukumatida sog‘liqni saqlash sohasida yuqori lavozimda ishlagan sobiq amaldor esa vaksina tanqisligi bo‘lganini rad etgan.
Jamoat salomatligi bo‘yicha ekspert doktor Mushtuq Husaynning fikricha, dastlabki favqulodda emlash kampaniyasi yetarli darajada keng qamrovli bo‘lmagan. U kampaniya ko‘proq hudud va yosh guruhlarini qamrab olishi, shuningdek, tibbiyot xodimlari uyma-uy yurib, aholiga kasallik xavfi haqida tushuntirish ishlarini olib borishi kerakligini ta’kidlagan.
Epidemiya mamlakatdagi shifoxonalarga ham katta bosim tushirgan. BBC iyun oyida tashrif buyurgan ayrim shifoxonalarda o‘nlab oilalar polga to‘shalgan ko‘rpalarda yotganini qayd etgan. Bir shifoxona esa odatdagi quvvatidan ikki baravar ko‘proq yuklama bilan ishlagan.
Iyun oyidagi ma’lumotlar bilan taqqoslaganda, o‘shandan buyon yana 300 nafar bola vafot etgan.
Qizamiq nafas olish, yo‘talish va aksirish orqali oson yuqadigan o‘ta yuqumli kasallik hisoblanadi. To‘yib ovqatlanmaslik esa kasallikning og‘ir asoratlari va o‘lim xavfini oshirishi mumkin.
Bangladesh qizamiq epidemiyasi kuzatilayotgan yagona mamlakat emas. Buyuk Britaniya ilgari qizamiqni yo‘q qilgan mamlakat maqomiga ega bo‘lgan, biroq joriy yilda bu maqomini yo‘qotgan. AQShda ham so‘nggi yillarda qizamiq bilan kasallanish holatlari oshgan.
JSST qizamiq tarqalishining oldini olish va jamoaviy immunitetni ta’minlash uchun aholining kamida 95 foizini emlash zarurligini ta’kidlaydi.








