Majburiy nikoh, zo‘ravonlik: Turkiyadagi 17 yoshli qiz O‘zbekistonga qaytarildi
Qiz Turkiyaga o'qish bahonasida olib borilgan.

Turkiyaga o‘qish bahonasida olib borilgan 17 yoshli o‘zbekistonlik qiz majburiy nikohga undash, jismoniy zo‘ravonlik va majburiy mehnatga duch kelgan. U bu holatlar yuzasidan O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga murojaat qilgan.
Bosh konsulxona tomonidan advokatlar jalb etilib, voyaga yetmagan qizga konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatilgan. Shuningdek, uning O‘zbekistonga qaytish xarajatlari Migratsiya jamg‘armasi hisobidan qoplangan.
Hozirda qizning xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, uni ijtimoiy-huquqiy va psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalari tegishli tashkilotlar nazoratiga olingan.
Migratsiya agentligi xorijda zo‘ravonlik, majburiy mehnat, tahqirlanish yoki og‘ir moliyaviy vaziyatga duch kelgan fuqarolarni yordam so‘rab murojaat qilishga chaqirdi.
Xorijdagi o‘zbekistonliklar Migratsiya agentligining 1282 qisqa raqami yoki tun-u kun ishlovchi @huquqiy_yordam_uzbot Telegram-boti orqali yordam olishi mumkin.








