Elektrotexnika ishlab chiqaruvchilari xalqaro moliya bozoriga chiqmoqda: korxonalarga 50 ming dollargacha kompensatsiya beriladi
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki sanoat korxonalariga 2–3 milliard dollar resurs ajratishga tayyor.

O‘zbekistonning beshta mahalliy elektrotexnika korxonasi o‘z loyihalarini moliyalashtirish uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan jami 80 million dollar jalb qildi.
Jumladan, Toshkent shahridagi “Artikul Aziya” va “Maxcopper”, Toshkent viloyatidagi “Techno Cable Group” va “Vades Group”, shuningdek, Andijondagi “Andijon kabel” korxonalari xalqaro moliya instituti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Mazkur tajribani kengaytirish va boshqa ishlab chiqaruvchilarni ham xalqaro moliya bozori bilan ishlashga tayyorlash zarurligi qayd etildi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki sanoat korxonalari uchun 2–3 milliard dollar miqdorida resurs ajratishga, shuningdek, ularning faoliyatini baholash xarajatlarining bir qismini qoplashga tayyor.
Qolgan xarajatlar, jumladan, xalqaro konsultantlarni jalb etish bilan bog‘liq sarflar davlat tomonidan qoplanadi. Bu maqsadda Savdoni rivojlantirish kompaniyasi hisobidan har bir korxonaga 50 ming dollargacha kompensatsiya ajratilishi belgilandi.








