Farg‘onada 105 nafar bolaning zaharlanishi: ikki nafar sudlanuvchiga qamoq jazosi berildi
Avval ularga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan edi.

Farg‘onada 105 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisining zaharlanishi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha avvalgi sud hukmi bekor qilindi. “Garden Catering Trade” MCHJ rahbari Shavkat Turdaliyev va texnologi Rasuljon Alimov ozodlikdan mahrum etildi.
Farg‘ona viloyati sudlari matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudining kassatsiya instansiyasi 7-noyabr kuni ishni qayta ko‘rib chiqdi.
Sud Furqat tuman sudining 2026-yil 21-sentabrdagi hukmini MCHJ rahbari va texnologiga oid qismini bekor qilib, ularga nisbatan yangi ayblov hukmini chiqardi.
Jinoyat kodeksining 59 va 61-moddalari tartibida Shavkat Turdaliyevga 4 yil, Rasuljon Alimovga esa 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida Furqat tuman sudi Turdaliyevni sanitariya qoidalarini buzish, o‘g‘rilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda hujjatlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topib, 3 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilgan edi. Alimovga esa sanitariya qoidalarini buzganlik uchun 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Har ikki sudlanuvchi tergov davrida qamoqda saqlangan muddatlari hisobga olingach, sud zalidan ozod qilingan edi. Kassatsiya instansiyasi esa ushbu jazolarni ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirdi.
2026-yil 20-fevral kuni Farg‘ona shahridagi davlat bog‘chalarida tarbiyalanayotgan bolalarda ovqatdan zaharlanish alomatlari kuzatilib, ular shifoxonalarga yotqizilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jami 105 nafar bola jabrlangan.
Mazkur holat yuzasidan 24-fevral kuni sanitariya va epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Keyinchalik “Garden Catering Trade” MCHJ faoliyati hamda bog‘chalarga ovqat yetkazib berish uchun tuzilgan shartnomalar yuzasidan qator qonunbuzilishlar aniqlangan. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2024-yilda mazkur korxonani Quvasoy va Farg‘ona shaharlaridagi bog‘chalarga ovqat yetkazib beruvchi sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlash qonunchilik talablariga zid bo‘lganini bildirgan.
Agentlik viloyat hokimligiga qonunbuzilishlarni bartaraf etish va mas’ul shaxslarga chora ko‘rish yuzasidan taqdimnoma kiritgan. Biroq hokimlik tomonidan tegishli amaliy choralar ko‘rilmagan.








