Jarimani vaqtida to'lamagan haydovchilar: avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirilishi mumkin
Yangi tartib 2027-yil 7-yanvardan kuchga kiradi.

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarima 60 kun ichida to‘lanmasa, haydovchining avtomobili jarima maydonchasiga joylashtirilishi mumkin. Yangi tartib 2027-yil 7-yanvardan kuchga kiradi.
Bu haqda Ichki ishlar vazirining 4-sentabrdagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnomada belgilangan. Hujjat 5-noyabr kuni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, 6-noyabrda rasman e’lon qilingan.
Yo‘riqnomaga ko‘ra, jarima haqidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab 60 kun ichida to‘lov amalga oshirilishi kerak. Agar qaror ustidan berilgan shikoyat yoki protest qanoatlantirilmasa, jarimani to‘lash uchun bu haqda xabar berilgan kundan boshlab 30 kun muddat beriladi.
Belgilangan muddatda jarima to‘lanmagan taqdirda, avtomobil haqidagi ma’lumotlar YHXX xodimlarining xizmat planshetlari va boshqa axborot tizimlarida avtomatik ravishda aks etadi. Shundan so‘ng xodimlar ma’muriy bayonnoma tuzmasdan, transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtirishi mumkin.
Avtomobil jarima haqidagi qaror ijrosi yuzasidan ish yuritish yakunlanguniga qadar ushlab turiladi.
Biroq haydovchi jarimani elektron to‘lov tizimlari, mobil ilovalar yoki bank kassalari orqali joyida to‘liq to‘lasa va to‘lov elektron tizimda tasdiqlansa, avtomobil jarima maydonchasiga olib ketilmaydi. U yerga joylashtirilgan transport vositasini qaytarib olish uchun esa qarzdorlik to‘lanishi va elektron ruxsatnoma rasmiylashtirilishi kerak.
Shuningdek, amaldagi chegirma tartibi ham saqlanib qoladi. Unga ko‘ra, jarima haqidagi qaror topshirilganidan keyin 15 kun ichida uning 50 foizini yoki 30 kun ichida 70 foizini to‘lagan shaxs qolgan summani to‘lashdan ozod etiladi. Bu imtiyoz qonunchilikda belgilangan ayrim holatlarga tatbiq etilmaydi.








