Prezident Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Turkiyada bo‘ladi
Shavkat Mirziyoyev BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi tadbirlarida ishtirok etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) tadbirlarida ishtirok etish uchun 10-11-noyabr kunlari Antaliya shahrida bo‘ladi.
Iqlim bo‘yicha global sammitda davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari rahbarlari hamda yuqori darajadagi delegatsiyalar ishtirok etadi.
Anjuman kun tartibidan BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Hadli konvensiyaning asosiy qoidalarini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy ekologik xatar va tahdidlarga qarshi kurashish hamda “yashil” taraqqiyot maqsad va vazifalarini ilgari surish borasida keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.
Davlat rahbari sammitning yalpi sessiyasida nutq so‘zlaydi hamda qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazadi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston BMTning Hadli konvensiyasiga 1993-yilda qo‘shilgan. 2018-yilda mamlakatimiz Parij bitimining ishtirokchisiga aylandi.








