Toshkentda xalqaro turizm forumi boshlandi
Ilk bor o’tkazilayotgan ushbu tadbirda O’zbekistondagi mehmonxona biznesi, kurort va rekreatsiya infratuzilmasi sohasidagi istiqbolli loyihalar, shuningdek, investorlarni davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash imkoniyatlari taqdim etiladi.

2026-yil 25–27-noyabr kunlari CAEx Uzbekistan ko‘rgazmalar majmuasida “Ipak yo‘lida turizm” 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi hamda Birinchi xalqaro turizm investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi.
Tadbirda 45 dan ortiq mamlakat vakillari, 600 dan ziyod xorijiy kompaniya va 20 ga yaqin xalqaro tashkilot ishtirok etishi kutilmoqda.
Yarmarka doirasida Belarus, Chexiya, Germaniya, Gruziya, Hindiston, Eron, Italiya, Malayziya, Maldiv orollari, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Tailand, Turkmaniston, Turkiya, O‘zbekiston, Xitoy, Gonkong va Vyetnam vakillari o‘z mamlakatlarining turistik imkoniyatlarini namoyish etadi.

O‘zbekiston esa mamlakatning barcha 14 hududi, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrining turizm salohiyatini taqdim qiladi. Ekspozitsiyalarda tarixiy shaharlar, tog‘ va tabiiy turizm, gastronomiya, hunarmandchilik hamda sog‘lomlashtirish yo‘nalishlari namoyish etiladi.
Tadbir dasturidan B2B uchrashuvlar, turistik mahsulotlar taqdimotlari, sohaviy muhokamalar va xalqaro hamkorlar bilan muzokaralar o‘rin olgan. Shuningdek, Global Media Campus hamda turizm sohasini raqamlashtirishga qaratilgan Smart Destination Hackathon tashkil etiladi. Xakatonning umumiy mukofot jamg‘armasi 150 million so‘mni tashkil etadi.
Yarmarkaning asosiy tadbirlaridan biri — Birinchi xalqaro turizm investitsiya forumidir. Unda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, mehmonxona va kurort loyihalariga xalqaro sarmoya jalb qilish, investorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari muhokama qilinadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonga 11,6 million nafar xorijiy turist tashrif buyurgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19 foiz ko‘p. Turizm xizmatlari eksporti esa 49 foizga oshib, 6,1 milliard dollarga yetgan.
Shuningdek, 2026–2028-yillarda joylashtirish vositalari va turistik hududlarni tashkil etish uchun jami 5 ming gektar yer uchastkalarini elektron auksionga chiqarish rejalashtirilgan.
Yana bir muhim tadbir 27-noyabr kuni Tashkent City Congress Hall majmuasida BMT Turizm tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkaziladi. Unda “2027-yil — Xalqaro barqaror va bardoshli turizm yili” tashabbusining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Marosim doirasida ushbu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlik ustuvorliklarini belgilovchi Toshkent deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.

Mazkur tashabbus O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan va 2024-yil 26-fevral kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 80 dan ortiq davlat hammuallifligida qabul qilingan rezolyutsiya bilan qo‘llab-quvvatlangan.
Yarmarka O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va uning huzuridagi “Milliy PR-markazi” tomonidan tashkil etiladi. Ko‘rgazma operatori — Iteca Exhibitions xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi.








