“Moyka”da qoldirilgan Nexia-2 o‘g‘irlab ketildi: gumonlanuvchi qo‘lga olingan
Holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi avtomobil yuvish shoxobchasida egasiz qoldirilgan Nexia-2 rusumli yengil mashina noma’lum kimsa tomonidan haydab ketildi. IIV huzuridagi Tergov departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs allaqachon aniqlanib, hibsga olingan.
Hodisa 24-noyabr kuni tumanning Chag‘atoy mahallasida yuz bergan. Shu kuni 31 yoshli fuqaro A.B. Ishtixon tumani IIBga ariza bilan murojaat qilib, otasiga qarashli Nexia-2 avtomobili g‘oyib bo‘lganini ma’lum qilgan. Surishtiruvlar davomida transport vositasi yuvish uchun “moyka”ga tashlab ketilgani va noma’lum shaxs vaziyatdan foydalanib, mashinani olib qochgani oydinlashdi.
Voqea joyiga yetib borgan tergov-tezkor guruhi tomonidan tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, qidiruv ishlari boshlab yuborilgan. Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida avtomobil Oqdaryo tumani hududidan o‘tuvchi M-37 magistral yo‘lining 16-kilometri yoqasidan topildi. Shuningdek, mazkur qilmishni 1992-yilda tug‘ilgan K.E. sodir etgani fosh etildi.
Ayni paytda gumonlanuvchi K.E.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi ochilgan. Unga rasman ayb e’lon qilinib, sud ajrimi bilan qamoqqa olish ehtiyot choralari tayinlandi.








