1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

AQSh 2025-yilda 100 mingdan ortiq xorijiy vizani bekor qildi

Bu ko'rsatkich 2024-yil sobiq prezident Jo Bayden davrida bekor qilingan vizalar sonidan ikki baravar ko'p.

AQSh 2025-yilda 100 mingdan ortiq xorijiy vizani bekor qildi

 

AQSh Davlat departamenti 2025-yil davomida 100 mingdan ortiq xorijiy vizani bekor qilganini ma’lum qildi. Bekor qilingan vizalar orasida qariyb 8 mingta talaba vizasi ham bor. Bu haqda RBC xabar berdi.

 

Davlat departamenti matbuot xizmati X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotda: “Biz Amerika xavfsizligini ta’minlash maqsadida qonunbuzarlarga nisbatan deportatsiya choralarini davom ettiramiz”, — deyiladi.

 

Newsweek nashrining xabar berishicha, ushbu ko‘rsatkich 2024-yilda, sobiq prezident Jo Bayden ma’muriyati davrida bekor qilingan vizalar sonidan qariyb ikki baravar ko‘p.

 

Deportatsiya choralarining kuchaytirilishi AQSh prezidenti Donald Tramp olib borayotgan qat’iy immigratsiya siyosatining bir qismi hisoblanadi. Ushbu siyosat doirasida 12 ta davlat fuqarolarining AQShga kirishi cheklangan, Afg‘oniston, Gaiti, Eron va Yaman kabi yetti mamlakat fuqarolari uchun esa qo‘shimcha cheklovlar joriy etilgan.

 

Shuningdek, Tramp 2026-yil uchun qochqinlarni qabul qilish kvotasini 125 mingdan 7 500 nafargacha qisqartirdi. Bu ko‘rsatkich qochqinlar dasturi tarixidagi eng past daraja sifatida qayd etilmoqda. Ma’muriyat bayonotiga ko‘ra, Janubiy Afrikadan kelayotgan oq tanli qochqinlarga ustuvorlik beriladi. Qochqinlar dasturini muvofiqlashtirish vazifasi Davlat departamentidan Sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish departamentiga o‘tkazilgan.

 

Mazkur choralar inson huquqlari faollari tomonidan tanqid qilinib, turli norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan. Xususan, iyun oyida Los-Anjeles shahrida ICE reydlaridan so‘ng Milliy gvardiya bo‘linmalari joylashtirilgan. Oktabr oyida esa “Qirollar yo‘q” harakati Trampning immigratsiya siyosatiga qarshi barcha 50 shtatda norozilik namoyishlarini o‘tkazgan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика