AQShning yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchilari va ularning yetkazib beruvchilari Xitoy tomonidan noyob yer metallari (RZM) eksportiga qo‘yilgan cheklovlar tufayli ba’zi ishlab chiqarish jarayonlarini Xitoyga ko‘chirishni ko‘rib chiqmoqda.
Manbalarga ko‘ra, AQSh kompaniyalari RZM taqchilligi sababli yaqin haftalarda ayrim avtomobil modellarining ishlab chiqarilishini to‘xtatishga majbur bo‘lishidan xavotirda. Mavjud cheklovlardan chetlab o‘tish maqsadida ular elektr motorlarini Xitoydagi zavodlarda yig‘ishni boshlashi yoki Xitoyda tayyorlanadigan noyob yer qotishmali magnitlar bilan to‘ldirish uchun motorlarni Xitoyga yuborishi mumkin.
Ayni paytda cheklovlar tayyor ehtiyot qismlar emas, balki magnit materiallariga nisbatan joriy etilgan. Bu esa ishlab chiqaruvchilarga texnologik yechimlar orqali muqobil yo‘llarni izlashga majbur qilmoqda.
Ma'lum qilinishicha, dunyoda ishlatiladigan noyob yer metallari zaxirasining 90 foizidan ortig‘i Xitoyga to‘g‘ri keladi. Bu magnitlar yuqori haroratda barqaror ishlashi bilan ajralib turadi va smartfonlar, F-35 qiruvchi samolyotlari hamda elektromobillar ishlab chiqarishda muhim rol o‘ynaydi. Aynan ushbu magnitlar elektr motorlarga yuqori tezlik va samaradorlikni ta’minlaydi.
14-aprel kuni Xitoy hukumati AQSh bilan davom etayotgan savdo kelishmovchiligi fonida ba’zi RZM va magnitlar eksportini to‘xtatish bo‘yicha qaror chiqargan edi. Bu esa global avtomobilsozlik, yarimo‘tkazgich va aerokosmik sanoatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Xitoy hozirda ushbu eksport jarayonlarini yangi tartibga solish tizimi asosida qayta tashkil etmoqda.


