Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen AQShning Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatishga urinishlari NATO ittifoqining barbod bo‘lishiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda RTVI xabar berdi.
U Daniyaning TV2 telekanaliga bergan intervyusida, agar Qo‘shma Shtatlar Daniyaning avtonom hududi hisoblangan Grenlandiyaga nisbatan harbiy harakatlarga qo‘l ursa, bu NATO uchun halokatli oqibatlarga sabab bo‘lishini ta’kidladi.
“Аgar Qo‘shma Shtatlar boshqa NATO a’zosiga harbiy hujum qilishga qaror qilsa, unda hammasi yakunlanadi — nafaqat alyansning o‘zi, balki Ikkinchi jahon urushidan buyon ta’minlab kelinayotgan umumiy xavfsizlik tizimi ham”, — dedi Frederiksen.
Bosh vazir Daniya hukumati ehtimoliy hujumning oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rayotganini bildirib, AQShni “qabul qilib bo‘lmaydigan bosim”da aybladi va bu holatni “xalqaro hamjamiyatga qarshi asossiz hujum” deb baholadi.
Mazkur bayonot AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiya bo‘yicha so‘nggi tahdidlari fonida yangradi. Bloomberg agentligi qayd etishicha, Frederiksen joriy yilda saylovlar oldidan jamoatchilik tomonidan aniq harakatlar rejasini taqdim etish borasida kuchayib borayotgan bosim ostida qolmoqda.
4-yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiya Qo‘shma Shtatlar uchun “juda zarur” ekanini bildirib, mazkur masalani qisqa muddat ichida qayta ko‘rib chiqishini aytgan. U hudud ustidan nazorat o‘rnatish uchun harbiy kuch ishlatish ehtimolini ham istisno etmadi.
Bloomberg tahlilchilariga ko‘ra, bunday bayonotlar Yevropa va NATO uchun uzoq muddatli siyosiy va harbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.


