AQSH Ichki xavfsizlik departamenti (DHS) xorijiy jurnalistlar, talabalar hamda almashinuv dasturi ishtirokchilariga vizalarni berish qoidalarini o‘zgartirish va mamlakatda bo‘lish muddatini cheklashni taklif etmoqda.
Mazkur tashabbus DHS tomonidan Federal reyestrda eʼlon qilingan hujjatda bayon etilgan. Taklifga ko‘ra, xorijiy fuqarolarning Qo‘shma Shtatlardagi vaqtinchalik faoliyatini yana-da nazorat qilish, ularning rejalari va faoliyatiga oid aniq maʼlumotlarni o‘z vaqtida olish hamda mamlakat qonunlariga rioya etilishini samarali baholash maqsad qilingan.
Taklifga binoan, xorijiy jurnalistlar AQSHda 240 kungacha faoliyat yuritishi, zarurat tug‘ilganda muddat uzaytirilishi mumkin.
Xitoy fuqarolari uchun bu muddat 90 kunga cheklanishi belgilangan.
Xorijiy talabalar va almashinuv tashrif buyuruvchilar esa o‘qish yoki dastur davomida mamlakatda qolishi mumkin, biroq to‘rt yildan oshmasligi shart etib belgilangan.
DHS barcha manfaatdor tomonlarni 60 kun ichida ushbu taklif bo‘yicha o‘z mulohazalarini taqdim etishga chaqirgan.
Maʼlumot uchun, AQSH Prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati 2020 yilda ham shunga o‘xshash takliflarni ilgari surgan edi. O‘sha paytda talabalar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bunga qarshi chiqqan va tartib amaliyotga kiritilmagan. Tramp shuningdek, noqonuniy muhojirlarga qarshi keng ko‘lamli deportatsiya choralarini qo‘llash niyatini bildirgan edi.


