1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Sport

“Barsa”ning g‘alabali seriyasi yakunlandi

Kataloniyaliklar Ispaniya chempionatidagi ilk mag‘lubiyatni qabul qilib olishdi.

“Barsa”ning g‘alabali seriyasi yakunlandi

 

Ispaniya chempionatining dastlabki yetti turida ketma-ket g'alaba qozongan "Barselona"ning seriyasi yakuniga yetdi. 8-turda “Osasuna” mehmoni bo'lgan jamoa barchani hayratda qoldirdi. Flik klubda yana bir o'zgarishni amalga oshirishga qaror qildi. Jamoaning ikki eng yaxshi futbolchisi Rafinya va Yamal zaxirada qoldirildi. Murabbiy bu futbolchilarni Chempionlar ligasi uchun saqlab qo'yishni maqsad qilgan bo'lishi mumkin. Natijada "Osasuna" o'zini xotirjam his qildi.

 

18-daqiqadayoq "Osasuna" hisobni ochdi. Saragosa chap qanot bo'ylab oldinga yurdi va Budimirga uzatma berdi. Jamoadoshi esa undan unumli foydalana oldi. Goldan atigi 10 daqiqa o'tib, "Osasuna" ikkinchi golni kiritishga muvaffaq bo'ldi. Bu safar Saragosaning o'zi "Barsa" darvozabonini chiroyli tarzda aldab o'tib, bo'sh qolgan darvozaga to'p kiritdi. Bunday vaziyatda hatto Ter Shtegen ham "Barsa"ni qutqara olmasdi.

 

“Barselona” birinchi bo‘limda 72% to‘pga egalik qildi, ammo “Osasuna” eng yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Tanaffusda Flik o'zgartirishlarga qo'l urishi mumkin edi, ammo bu amalga oshmadi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa “Barselona” bitta golli farqni yo'qqa chiqardi. “Osasuna” darvozabonining xatosi kataloniyaliklarga yordam berdi. Bir necha daqiqa o'tib Viktor Pau jamoasining navbatdagi goliga mualliflik qildi. Shundan so'ng Flik bir vaqtning o'zida Yamal va Rafinyani maydonga tushirdi. Tezkor hujumlar natijasida "Barsa"ning himoyasida bo'shliqlar yuzaga kelishni boshladi. Ferran Torres hisobni tenglashtirish uchun ajoyib imkoniyatga ega bo'ldi, lekin uning zarbasini darvozabon bartaraf etdi.

 

Mezbonlarning navbatdagi qarshi hujumi Domingesning qo'polligi uchun "Barsa" darvozasiga belgilangan penalti bilan yakunlandi. Penaltini Budimir aniq amalga oshirib hisobni yanada ishonchli ko'rinishga olib keldi. Shundan so'ng "Barselona" to'liq himoyaviy o'yin namoyish etgan mezbonlarga qarshi hech narsa qila olmadi. Kataloniyaliklar o‘yin so‘nggida ham taslim bo'lmadi. Yamalning 89-daqiqadagi goli hisobni qisqartirishga yordam berdi. Shu tariqa, “Barselona”ning g‘alabali seriyasi yakuniga yetdi. "Real" "Atletiko"ga qarshi derbida g'alaba qozongan taqdirda ham, Flik jamoasi tur yakunida birinchi o'rinda qoladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика