Buxoro viloyatida yo‘l-patrul xizmati inspektori tomonidan haydovchiga nisbatan noo‘rin xatti-harakatlar sodir etilgani haqidagi xabarlar yuzasidan izoh berildi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2025-yil 18-noyabr kuni Romitan tumanida viloyat YHXB ma’muriy amaliyot markazi inspektori, kichik serjant Sayfiyev xizmat avtomobili (Nexia-2)ni boshqarib ketayotgan vaqtida svetoforning qizil ishorasida to‘xtab turgan Equinox haydovchisiga yo‘l berishni talab qilib, chiroqlarni bir necha bor yoqib-o‘chirgan.
Shundan so‘ng inspektor Equinox avtomobilining old qismiga o‘tib, haydovchiga asossiz tarzda “Transport vositasida avariya sodir etdingiz”, deya ayblov qo‘ygan va bodi-kamerasiz holda transport vositasini yo‘l chetiga olib chiqishni talab qilgan.
Holat bo‘yicha viloyat YHXB mas’ullari tomonidan kichik serjant Sayfiyevga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi. Tekshiruv yakunlari bo‘yicha voqeaga qonuniy baho berilishi ma’lum qilindi.


