27-yanvar kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan ustoz jurnalist Irismat Abduxoliqovning “Davr jurnalist nigohida” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zMAdan tortib ijodiy jamoatchilik, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlargacha bo‘lgan keng qatlam vakillari ishtirok etdi.
Taqdimotni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator Abduqodir Ko‘chimov ochib, asarda muallifning yarim asrdan ortiq jurnalistik faoliyati davomida guvoh bo‘lgan tarixiy voqealar, shaxsiy xotiralar va kasbiy tajribalar mujassam ekanini ta’kidladi. U kitob jurnalistikaning tirik tarixi sifatida alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Kitobda Irismat Abduxoliqovning o‘ziga xos xolis va samimiy uslubi yaqqol seziladi. Muallif faoliyati davomida muloqot qilgan turli shaxslar obrazlari orqali davr ruhi ochib beriladi. Ayniqsa, Sharof Rashidov siymosining chuqur hurmat va ehtirom bilan tasvirlangani alohida e’tiborga sazovor.
Shuningdek, to‘plamdan O‘zbekistonning turli hududlari hamda Vashington, Nyu-York, Moskva, Dehli, Anqara, Makka va Madina kabi shaharlardan tayyorlangan jonli reportajlar, televideniye va radio jurnalistikasiga oid ilmiy-nazariy maqolalar ham o‘rin olgan. Mutaxassislar fikricha, “Davr jurnalist nigohida” nafaqat xotiralar kitobi, balki jurnalistlar va talaba-yoshlar uchun muhim o‘quv-amaliy qo‘llanma vazifasini ham bajaradi.


