Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kelgusi yilda dunyoda COVID-19‘ga qarshi emlash uchun shprislarning global tanqisligi yuzaga kelishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bu haqda JSSTning dori vositalari va sog‘liqni saqlash mahsulotlaridan foydalanish bo‘yicha katta maslahatchisi Liza Xedman maʼlum qildi, deya xabar beradi “Insider”.
Shuningdek, uning taʼkidlashicha, bunday vaziyat qashshoq mamlakatlar bir xil shprislardan bir necha marta foydalanishni boshlaganda yana bir muammoni keltirib chiqarishi mumkin.
U tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchilarni bir martalik shprislarini ishlab chiqarishni kengaytirish yo‘lini topishga chaqirdi.
Dunyoda COVID-19‘ga qarshi 6,8 milliard vaksina joriy etilgan va har yili 6 milliard shpris ishlab chiqariladi.
Avvalroq JSST koronavirusning kelib chiqishini o‘rganish bo‘yicha 26 nafar olimdan iborat guruh tuzgani, favqulodda vaziyatlarda foydalanish uchun sakkizinchi COVID-19 vaksinasini tavsiya qilgani, JSST rahbari vaksinalar taqsimotidagi adolatsizlikka eʼtibor qaratgani hamda notenglikni bartaraf etish uchun dunyo mamlakatlarini moratoriy eʼlon qilishga chaqirgani haqida xabar berilgandi.
Nasiba To‘xtayeva


