Xitoy Nensi Pelosining Tayvanga tashrifiga qatʼiy javob berish zarurligini yaxshi anglaydi, ammo AQSH bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvdan qochmoqda. Bu haqda Yaponiyaning Pekindagi sobiq harbiy attashesi, Sasakava tinchlik fondi katta ilmiy xodimi Bondzi Oxara maʼlum qildi.
“AQSH va Xitoy o‘rtasidagi qarama-qarshilik eng kamida tashqi tomondan keskinlashadi. Pekin o‘zining ko‘p sonli ogohlantirishlariga qaramay, Tayvanga kelgan Pelosi tashrifiga maʼlum maʼnoda qatʼiy javob qaytarishi kerak”, – degan tahlilchi “TASS” agentligi bilan suhbatda.
Oxara XXRning orol yaqinidagi harbiy mashg‘ulotlari haqida gapirar ekan, ularning AQSH vakili tashrifidan so‘ng amalga oshirilayotganiga eʼtibor qaratgan. U Pekinning Vashington bilan harbiy to‘qnashuvdan qochayotganini taʼkidlagan. Xususan, Xitoy tomoni Pelosi kabi yuqori martabali amaldorlar safari paytida kuchli harbiy tayyorgarlik choralari ko‘rilishini yaxshi biladi. Masalan, hozirda Tayvan sharqida Amerika aviatashuvchilarining zarbdor guruhi to‘plangan. Ekspertning fikricha, xitoyliklarning hozirgi mashg‘ulotlari AQSHga emas, Tayvanga qarshi qaratilgan.
“Harbiy tomondan Xitoy Tayvanni qo‘shib olish bo‘yicha yetarli imkoniyatlarga ega emas. Buning uchun katta miqdordagi tirik kuchlarni jalb qilgan holda yirik dengiz desanti amaliyotini o‘tkazish kerak. So‘nggi vaqtlarda bu bo‘yicha ko‘plab mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda, ammo Fikrimcha, bu yetarli emas. Hozirgi bosqichda hatto quruqlik qo‘shinlari texnikasining to‘planishi ham kuzatilmayapti”, – deb qayd etgan Oxara.
Maʼlumot o‘rnida: Pelosi 2 avgust kuni Tayvanga bordi. Bu rasmiy Pekinning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Xitoy orol atrofini fuqarolik aviatsiyasi uchun yopdi. Tayvanga qarshi qator sanksiyalar joriy etildi.
Bugundan XXR qurolli kuchlari Tayvan atrofidagi olti hududda yirik harbiy mashg‘ulotlar boshladi. Bu “misli ko‘rilmagan” mashqlar bo‘lishi aytilmoqda. Xususan, ilk bor orol yaqinida raketa otiladi. Bundan tashqari, DF-17 gipertovushli raketalari qo‘llanilishi kutilmoqda.


