Kashmirda sodir bo‘lgan terakt ortidan Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi ziddiyat keskinlashdi. Hindiston hukumati Pokiston fuqarolari va diplomatik vakillariga qarshi qator qat’iy choralarni ko‘rmoqda.
Hindiston Pokiston elchixonasidagi Mudofaa vazirligiga aloqador barcha attashelarni mamlakatdan chiqarib yubordi. Shuningdek, Islomoboddagi Hindiston elchixonasi xodimlari ortga chaqirib olinmoqda, bu ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik inqirozni yanada chuqurlashtirmoqda.
Yangi Dehlidagi Pokiston elchixonasi xodimlariga esa Hindistonni tark etish uchun bir hafta muhlat berildi.
Bundan tashqari, Hindiston hukumati Pokiston bilan chegaralarni vaqtincha yopishga qaror qildi. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo va odamlarga oid harakatlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Hindiston mudofaa vaziri ertaga parlament a’zolari uchun yopiq eshiklar ortida brifing o‘tkazadi. Unda teraktga munosabat va Hindistonning harbiy-ijro siyosati muhokama qilinishi kutilmoqda.
Pokiston esa bo‘sh qolgani yo‘q. Bosh vazirning topshirig‘iga ko‘ra, ertaga Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig‘ilishi chaqiriladi, unda Hindistonga nisbatan javob choralarini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Ushbu holat Janubiy Osiyoda allaqachon tarang bo‘lgan geosiyosiy vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.


