Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishida bozorlar va gavjum hududlarda jamoat xavfsizligini ta’minlashdagi kamchiliklar keskin tanqid qilindi.
Yirik bozorlar va aholisi gavjum joylarda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Milliy gvardiya, ichki ishlar hamda favqulodda vaziyatlar idoralari o‘rtasidagi hamkorlik yetarli emasligi qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yil davomida bozorlar va parklar hududida jami 87 ta jinoyat sodir etilgan, shuningdek, poytaxt bo‘ylab 774 ta yong‘in holati qayd etilgan.
Shu bilan birga, bozorlar faoliyatini raqamlashtirish jarayoni juda sust kechayotgani tanqid qilindi. Hozirgi kunga qadar faqat “Chorsu” va “Farhod” bozorlarida situatsion markazlar tashkil etilgan, xolos.
Ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalari bo‘yicha mas’ul o‘rinbosari Zohirjon Qurbonov tayinlanganiga ikki yildan oshganiga qaramay, tizimni raqamlashtirish borasida hanuz sezilarli ijobiy natijalar mavjud emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda ushbu va boshqa tizimli muammolar hamda kamchiliklar, avvalo, rahbarlarning mas’uliyatsizligi va loqaydligi oqibati ekani alohida ta’kidlandi.
Mazkur holatlar sabab, mas’ul vazir o‘rinbosari B.Abdullayev hamda respublika profilaktika boshqarmasi boshlig‘i X.Qodirov egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.


