Toshkentda kuzatilayotgan havo sifatining pasayishi tabiiy-iqlimiy jarayonlar hamda antropogen yuklamaning keskin ortgani bilan bog‘liq, deya ma’lum qildi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov. U 26 noyabr kuni o‘tkazilgan brifingda joriy ekologik holat va ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berdi.
Tabiiy omillar orasida eng muhimlaridan biri — yog‘ingarchilikning rekord darajada kamayib ketgani. 2024-yil oktabrda 46 mm yog‘in kuzatilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich atigi 1 mm bo‘ldi. Shuningdek, shamol tezligining yil sayin pasayib borishi havodagi ifloslanishning to‘planishiga olib kelmoqda. Abduhakimovga ko‘ra, mintaqadagi harorat o‘n yillikda o‘rtacha 0,29 daraja oshmoqda — bu global ko‘rsatkichdan ikki baravar yuqori.
Antropogen omillar ham ekologik vaziyatga kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarda iqtisodiy o‘sish va shaharlar kengayishi natijasida Toshkentda uy-joy qurilishi 7 barobardan ko‘proq oshgan, avtomobillar soni esa 2020-yildan buyon 50 foizga ko‘paygan. Atmosferaga tashlamalar hajmi 2016-yildagi 345 ming tonnadan 2024-yilda 486 ming tonnaga yetgan.
Ekologik vaziyatni yumshatish maqsadida 24 noyabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchiligida yig‘ilish o‘tkazilib, shoshilinch choralar belgilandi. Shundan so‘ng 300 dan ortiq mutaxassisdan iborat 30 ta ishchi guruh tuzildi va ularning faoliyati 24/7 rejimida yo‘lga qo‘yildi. O‘tkazilgan reydlar davomida 331 korxona tekshirilib, havo ifloslanishiga sabab bo‘layotgan 35 ta obyektning faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, yuzlab qurilish tashkilotlariga ogohlantirishlar berildi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida havo sifatida muayyan yaxshilanish sezildi. 24 noyabr kuni ifloslanish darajasi 350–400 mg/m³ bo‘lgan bo‘lsa, bir kun o‘tib 150–200 mg/m³ gacha pasaydi. Biroq Abduhakimovga ko‘ra, tabiiy sharoit tufayli havo sifati keskin yaxshilanishi darhol sodir bo‘la olmaydi. Shuning uchun antropogen omillarni maksimal darajada kamaytirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.


