Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning rafiqasi Siliya Flores AQSh kuchlari tomonidan qo‘lga olingan paytda og‘ir tan jarohatlari olgan. Bu haqda 5-yanvar kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan sud majlisida uning advokati Mark Donnelliga tayanib CNN xabar berdi.
Sud majlisida Flores peshonasiga bint bog‘langan va o‘ng ko‘zi ostida katta ko‘karishlar bilan ishtirok etgan. Shuningdek, u o‘rnidan turishda sud ijrochisining yordami bilan harakatlangan.
Advokat Mark Donnellining ta’kidlashicha, Siliya Flores “qo‘lga olish jarayonida zo‘ravonlikka uchragan” va qovurg‘alari singan yoki jiddiy ko‘kargan bo‘lishi mumkin. Uning aytishicha, Flores tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim.
Shu bilan birga, sud majlisida Nikolas Maduro o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmadi hamda o‘zini hanuz Venesuela prezidenti deb hisoblashini bildirdi. Advokatlar, shuningdek, Maduroning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar borligini ham qayd etishdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Nikolas Maduro 3-yanvardan buyon Bruklindagi hibsxonada saqlanmoqda. U yerda ilgari reper P. Diddi hamda Jeffri Epshteyn ishi bilan bog‘liq shaxs — Gislen Maksvell ham bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 3-yanvar kuni AQSh Venesuelada harbiy operatsiya boshlab, Nikolas Maduro va uning rafiqasini qo‘lga olgan va AQSh hududiga olib ketgan. 5-yanvar kuni kechqurun Maduroning ishi bo‘yicha Nyu-Yorkda dastlabki sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Keyingi sud majlisi 17-martga belgilangan.


