Kelgusi oʻquv yilidan boshlab maktab, texnikum va oliygohlarda oʻquvchi va talabalarga sunʼiy intellekt (AI)ni oʻqitish boshlanadi. Shu maqsadda informatika oʻqituvchilari tayyorlanmoqda, shuningdek, butun maktab jamoasi AIdan foydalanishga oʻrgatiladi. Yangi platforma doirasida oʻqituvchining virtual yordamchisi ishlab chiqilib, platformaga integratsiya qilinadi. U mavzuga doir maʼruza matnlari, taqdimotlar, testlar, dars rejalarini tayyorlash va imtihon jarayonlarini nazorat qilishda yordam beradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-dekabr kuni sogʻliqni saqlash, taʼlim, transport va kosmos sohalarida AI texnologiyalarini joriy qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Shuningdek, 2030-yilgacha AIni rivojlantirish strategiyasi tasdiqlanib, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida tegishli markaz ochildi. Super kompyuter klasterlari va tibbiyot sohasida AI yordamida insult va koʻkrak saratonini aniqlash loyihalari joriy qilinmoqda.
Transport va kosmik texnologiyalar sohasida ham sunʼiy intellekt loyihalari rejalashtirilgan. Yoʻllardagi qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlash, vagonlar texnik holatini monitoring qilish orqali avariyalar xavfini kamaytirish, shuningdek, “Samarqand-2028” sunʼiy yoʻldoshi yordamida yer va havo monitoringi tizimi ishlab chiqilishi koʻzda tutilgan.
Taqdimot yakunida Prezident loyihalar ijrosini jadallashtirish va AI texnologiyalaridan iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy sohada foydalanishni kengaytirish boʻyicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi. Shu bilan birga, maktablarda AI platformasini joriy etish orqali oʻqituvchilarning yuklamasi kamaytirilib, ularning oʻz ustida ishlash uchun ko‘proq vaqt ajratilishi taʼkidlandi.


