Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi yakunida mintaqaviy birdamlik va hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan Qo‘shma bayonot qabul qilindi. Uchrashuvda mintaqaning dolzarb muammolari yuzasidan konstruktiv muloqot olib borildi.
Sammitning eng muhim natijalaridan biri — Ozarbayjon Respublikasining formatga to‘la huquqli a’zo sifatida qo‘shilgani bo‘ldi. Bu qaror Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi strategik yaqinlikni mustahkamlashi, yangi iqtisodiy va logistika imkoniyatlarini ochib berishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda, shuningdek, Qirg‘iz Respublikasining 2027–2028-yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zoligiga nomzodi qo‘llab-quvvatlanishi yuzasidan xalqaro hamjamiyatga murojaat yo‘llandi. Mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan konsepsiya hamda tahdidlar katalogi tasdiqlandi.
Davlat rahbarlari 2026–2028-yillarda xavflarning oldini olishga doir aniq choralar rejasi ustida kelishib oldilar. Sammit ishtirokchilari ushbu hujjatlar Markaziy Osiyoda tinchlik, taraqqiyot va do‘stona aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.


