O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi huzuridagi Milliy kinologiya markazida xizmat burchini ado etish jarayonida fidokorona mehnat qilgan kinologlarning xotirasini abadiylashtirish maqsadida “Xotira majmuasi” barpo etildi.
Yangi majmuaning ochilish marosimida Bojxona qo‘mitasi rahbariyati, Milliy kinologiya markazining tashkil topishida bevosita hissa qo‘shgan faxriylar, markaz xodimlari hamda marhum kinologlarning oila a’zolari ishtirok etishdi.
Tadbirda Bojxona qo‘mitasi raisi Akmal Mavlonov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan bojxona tizimini modernizatsiya qilish va texnik bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Milliy kinologiya markazida ham o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi.
Mazkur markaz Jahon bojxona tashkilotining mintaqaviy maqomiga ega bo‘lib, so‘nggi uch yil davomida bojxona organlarining 460 nafar, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarining 210 nafar hamda xorijiy davlatlarning 50 nafar kinologi ushbu markazda malaka oshirgan.
Bugungi kunda Milliy kinologiya markazi Turkiya, Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Latviya, Litva, Buyuk Britaniya va Rossiya kabi davlatlarning kinologiya xizmatlari bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023–2024-yillar va joriy yilning to‘qqiz oyida xizmat itlari yordamida 10 tonnadan ortiq giyohvandlik vositalari hamda 44 kilogramm kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanishi fosh etilgan. Ushbu natijalarga erishishda marhum kinologlarning ham o‘ziga xos hissasi borligi qayd etildi.
Markaz hududida qad rostlagan “Xotira majmuasi” ularning xotirasiga hurmat ifodasi bo‘lib, kinolog va uning sadoqatli iti tasviri aks etgan haykal majmuaning ramziy markaziga aylangan. Tantanali marosimda ramziy tasma kesilib, haykal poyiga gulchambarlar qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, Milliy kinologiya markazi 24-oktyabr kuni o‘zining 29 yillik faoliyatini nishonlaydi. Shu munosabat bilan bir guruh fidokor xodimlar Bojxona qo‘mitasi raisi tomonidan faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


