Namangan viloyati Chust tumanida joylashgan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida bir ishchi halok bo‘ldi.
Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, voqea 25-oktyabr kuni soat 18:47 da “Birlik” mahallasida joylashgan, faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan yonilg‘i quyish shoxobchasida qayd etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 10 tonnalik yonilg‘i saqlash sisternasini boshqa joyga ko‘chirish chog‘ida yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilinmagani natijasida chaqnash yuz bergan. Hodisa oqibatida payvandlash ishlarini bajarayotgan xodim voqea joyida vafot etgan.
Hodisa joyiga Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining uchta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi jalb etilgan. Yong‘in tarqalishining oldi o‘z vaqtida olingan.
Ayni paytda hodisaning sabablari, shuningdek moddiy zarar miqdori o‘rganilmoqda.


