1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Oilaviy poliklinikalarda tibbiy xizmatlar pulli bo‘lishi haqidagi xabarlar asossiz — SSV

Sog‘liqni saqlash vazirligi DMED tizimi bo‘yicha tarqalgan yolg‘on xabarlarga izoh berdi.

Oilaviy poliklinikalarda tibbiy xizmatlar pulli bo‘lishi haqidagi xabarlar asossiz — SSV

 

Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan oilaviy poliklinikalarda tibbiy xizmatlar yangi yildan boshlab pulli bo‘lishi haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

 

Qayd etilishicha, ayrim manbalarda fuqarolar joriy yilning 31-dekabriga qadar DMED axborot tizimiga biriktirish uchun poliklinikalarga pasport va tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar bilan murojaat qilishi, aks holda tibbiy xizmatlar pulli asosda ko‘rsatilishi haqida asossiz ma’lumotlar tarqalgan.

 

Vazirlik matbuot xizmatining bildirishicha, hozirda respublika aholisining 37,7 million nafari DMED tizimiga biriktirilgan bo‘lib, ularning elektron tibbiy kartalari to‘liq shakllantirilgan. Shu sababli fuqarolarni tizimda qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga zarurat mavjud emas.

 

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida (KTMY, OP, OShP) aholiga tibbiy xizmatlar davlat tomonidan kafolatlangan hajm doirasida bepul ko‘rsatiladi.

 

Kafolatlangan paket doirasidagi tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish uchun belgilangan muddatlarda tegishli tibbiy ko‘riklardan o‘tish hamda oilaviy shifokor yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilish talab etiladi. Shoshilinch va tez tibbiy yordam bundan mustasno hisoblanadi.

 

Oilaviy shifokor davolash va tashxislash standartlariga muvofiq ravishda tor soha mutaxassislariga yoki zarur hollarda shifoxonalarga elektron yo‘llanma beradi. Mazkur yo‘llanma asosida bemor tor soha shifokori ko‘rigidan o‘tkaziladi yoki shifoxonaga yotqiziladi.

 

Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini tizimdagi o‘zgarishlar va rasmiy ma’lumotlarni faqat vazirlikning rasmiy manbalari orqali olishga chaqirdi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика