Tan olish kerak, masofaviy taʼlim pandemiya avj olgan paytda juda muhim edi. Chunki favqulodda vaziyatlarda taʼlimning bu shakli eng maqbul yo‘l sanaladi. Ijtimoiy masofani anʼanaviy taʼlimda saqlashning sira imkoni yo‘q, lekin siz uyda, kompyuter qurilmasi ortida o‘zingizni xavfsiz his qilishingiz mumkin.
Masofaviy taʼlim o‘quvchi va talabalarga o‘z ustlarida mustaqil ishlashi uchun qo‘shimcha imkon beradi. Siz maktab yoki universitetga borishga sarflaydigan vaqtingizni qo‘shimcha adabiyotlar o‘qishga, sport bilan shug‘ullanishga, juda bo‘lmaganda to‘yib uxlashga sarflashingiz mumkin. Ammo...
Kamchiliklar...
Onlayn taʼlim qator fzalliklar bilan birga, ayrim kamchiliklarga ham egaligini ko‘rsatdi.
Birinchidan, masofaviy taʼlim uchun o‘ta zarur bo‘lgan nnternet tarmog‘iga ulanish bo‘yicha muammo mavjud. YUNISEF maʼlumotlariga ko‘ra, 2020 yil davomida butun dunyo bo‘ylab 463 million o‘quvchining masofaviy taʼlim modullariga kirish uchun imkoniyati bo‘lmagan. Bu, asosan, internet muammosi tufayli yuz bergan.
O‘zbekistonda ham pandemiya sharoitida internet bilan bog‘liq muammolar kuzatildi. Buning taʼlim sifatiga salbiy taʼsiri bo‘lgani shubhasiz. 2021 yilda respublikamiz internet tezligi bo‘yicha 124 o‘rinni egallagan. Bu kabi tezlik bilan yuqori darajadagi masofaviy taʼlimni joriy qilish qiyin.
Ikkinchidan, masofaviy taʼlimda anʼanaviy taʼlimga nisbatan nazorat sustligi ko‘rinib qoldi. Masalan, Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, 2020 yil o‘quvchilar atigi 2.5 soat vaqtini dars qilishga sarflagan, qolgan vaqtda ular ijtimoiy tarmoqlarda videoo‘yinlar o‘ynashgan.
2021 yil yanvar oyida Xalq taʼlimi vazirligi maxsus bayonotida masofaviy taʼlim jarayonida aksariyat o‘quvchilar vaqtini besamar o‘tkazganini maʼlum qildi. Shu sababli 2020-2021 o‘quv yilining 3 choragidan boshlab darslar to‘liq anʼanaviy shaklda o‘tila boshlandi.
Bundan tashqari, o‘quv muassasalari ijtimoiy himoyalashning o‘ziga xos mexanizmi hisoblanadi. Pandemiya buni yana bir bor isbotladi. Masalan, maktablar yopilguniga qadar butun dunyo bo‘ylab 300 milliondan ortiq o‘quvchi bepul tushlikdan foydalangan. 2020 yilda esa 370 million bola bu imkoniyatdan mahrum bo‘ldi va dunyoda ocharchilik xavfi yana-da oshdi.
Taʼlimning barcha yo‘nalishida ham masofaviy shaklni qo‘llab bo‘lmaydi. Masalan, tibbiyot yo‘nalishida masofaviy shaklda sifatli taʼlim berib bo‘lmaydi. Yoki laboratoriyalarda bevosita amaliyot bilan o‘rganiladigan sohalar uchun ham bu usul maqbul emas. Shuningdek, nogironligi bor shaxslar uchun ham anʼanaviy taʼlim afzal sanaladi. Birinchidan, bu ularga eng kerakli vositani-muloqotni taqdim etadi. Ikkinchidan, nogironligi bor o‘quvchi va talabalar sifatli taʼlim olishi uchun moddiy-texnik baza juda qimmat.
Taʼlim sifatining tushib ketishi kelajakda og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ham taʼsir ko‘rsatadi. Masalan, Jahon banki 2020 yil avgustda pandemiya davridagi taʼlim sifatining pasayishi ortidan kelajakda Markaziy Osiyo 44 milliard dollar zarar ko‘rishi mumkinligini maʼlum qilgan edi. Bu taʼlim sohasiga avvalgidan-da kuchliroq eʼtibor berishni taqozo etadi.
Maʼlumot uchun: 9- avgust kuni AOKAda tashkil etilgan brifingda Xalq taʼlimi vazirligi yangi o‘quv yilida taʼlim gibrid shaklda bo‘lishini maʼlum qildi.
Jahongir Qo‘ziyev


