Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston pomidorlarida xavfli virus aniqlangani haqida xabarlar tarqalib, bunga Qozog‘istonning “24KZ” telekanali orqali namoyish etilgan lavha asos qilib ko‘rsatilmoqda. Mazkur holatga Qishloq xo‘jaligi vazirligi munosabat bildirdi.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan dastlabki tezkor surishtiruv olib borilgan. Maʼlum bo‘lishicha, Qozog‘iston tomoni O‘zbekistondan import bo‘lgan pomidor mahsulotlarida pomidor jigarrang virusi (Tomato brovn rugose fruit virus) va boshqa karantin kasalliklar aniqlanganligi yuzasidan mahsulotlarni orqaga qaytarish holati kuzatilmagan va eʼtiroznoma (notifikatsiya) jo‘natmagan.
Tarqalgan xabarga izoh bergan fitosanitariya xizmatining Turkiston viloyati hududiy inspeksiyasi rahbari I.Begasilov pomidor jigarrang virusi aniqlanish holati yuzasidan import bo‘lgan 43 tonna pomidor mahsulotidan aynan O‘zbekistondan yuklangan pomidorlarda xavfli virus qayd etilmaganini telefon muloqotida tasdiqlagan.
Qayd etilishicha, 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida importer davlatlarning fitosanitariya talablariga muvofiq jami 24 147 tonna (shundan 14 424 Qozog‘iston Respublikasiga eksport uchun) pomidor mahsulotiga xalqaro fitosanitariya sertifikati berilgan va importer davlatlarning karantin xizmati tomonidan nomuvofiqlik holatlari aniqlanganlik yuzasidan eʼtiroz holati qayd etilmagan.


