Jahon banki 1 million o‘zbekistonlikning hayotini yaxshilash uchun 250 million qarz berdi. Mablag‘ shahar va tumanlardagi munitsipal infratuzilmani yaxshilashga yo‘naltiriladi.
Ajratilgan pullar “Shaharlarda yashash va unumdorlikni oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish” (Livable and Productive Cities Program — LPCP) dasturi doirasida mamlakatning 16 ta tuman va shahrida amalga oshiriladi. Mazkur dastur iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda mahalliy hokimiyatlar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. U aholi va biznes uchun munitsipal xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni ko‘zda tutadi.
Loyiha doirasida ijtimoiy va kommunal infratuzilma, transport, savdo va ishbilarmonlik muhiti, turizm obyektlari hamda jamoat joylariga sarmoya kiritiladi. Xususan, maktablar va bog‘chalar, tibbiyot muassasalari, suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlari, yo‘llar, piyodalar hududlari, bozorlar, bog‘lar hamda shaharlarni suv toshqinlaridan himoya qilish inshootlari yangilanishi rejalashtirilgan.
Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030 yilga qadar mazkur dastur orqali 1 millionga yaqin aholining turmush sharoiti to‘g‘ridan-to‘g‘ri yaxshilanadi. Foyda ko‘ruvchilarning taxminan yarmini ayollar tashkil etadi. Shuningdek, 300 ming nafar aholi uchun transport xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengayadi, 400 ming kishi esa yangi yoki yangilangan jamoat joylari va bog‘lardan foydalanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki taʼlim kreditlarini moliyalashtirish tizimini qo‘llab-quvvatlash qaratilgan EduImkon doirasida 250 million AQSH dollari miqdorida kredit bergan edi. Mazkur dastur doirasida 3 yil ichida 600 ming yoshlar uchun taʼlim kreditlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish kutilmoqda.


