Vazirlar Mahkamasining yangi qaroriga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun darsdan tashqari mashg‘ulotlarga to‘lanadigan to‘lovlarning 80 foizigacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi. Mazkur chora-tadbir ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish va bolalarning qo‘shimcha bilim olishiga sharoit yaratishga qaratilgan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lumotiga ko‘ra, kompensatsiya miqdori bolalarning yosh toifasiga qarab belgilanadi.
7–11 yoshli o‘quvchilar uchun umumta’lim maktablari huzurida to‘garaklar va darsdan tashqari mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Ularning oylik to‘lovi 1 BHMdan oshmasligi lozim.
12–18 yoshli o‘quvchilar matematika, fizika, xorijiy tillar va boshqa fanlar bo‘yicha oyiga 2 BHMgacha to‘lov asosida qo‘shimcha ta’lim olishlari mumkin.
15–18 yoshdagilar esa axborot texnologiyalari, chet tillari yoki kasb-hunar kurslarida oyiga 4 BHMgacha to‘lov bilan qatnashish imkoniga ega bo‘ladi.
Ota-onalar ushbu xizmatdan EPIGU davlat portali orqali foydalanadi. Shartnomalar onlayn tarzda tuziladi, to‘lov va davomat ma’lumotlari esa kelajak.uzedu.uz platformasida avtomatik tarzda qayd etiladi. Har bir o‘quvchi to‘qqiz oygacha davom etuvchi ikki turdagi mashg‘ulotni tanlashi mumkin.
Mazkur qaror ijtimoiy tenglikni ta’minlash, har bir bolaning ta’limga bo‘lgan huquqini kengaytirish hamda yosh avlodni raqobatbardosh kasb-hunarlarga yo‘naltirishga xizmat qiladi.


