O‘zbekistonda piyozning yangi “Malla” navini yaratishdi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi maʼlum qildi. Qayd etilishicha, yangi piyoz navining urug‘i yerga martning dastlabki o‘n kunligida sepiladi. 15 sotix yer maydoniga 10-12 kilogramm piyoz urug‘i sepiladi, shu maydondan terib olingan piyozboshchalar bir gektar maydonga yetadi. Piyozboshchalar gilos kattaligida bo‘lgandan so‘ng yig‘ib olinadi. Piyozboshchalar quritilib, alohida joyga olib qo‘yiladi. Sentyabr oyining birinchi dekadasida piyozboshchalar 70×10 sxemada 4 qatordan gektariga 571,4 ming dona ekiladi. Piyozboshchalar ekilganidan so‘ng unga bir marotaba suv qo‘yiladi. Shundan so‘ng piyozboshchalar ko‘kara boshlaydi. Qishning sovuq kunlarida yetishtirilgani uchun piyozlarni o‘tash shart emas, sababi, ushbu mavsumda o‘tlar o‘z-o‘zidan nobud bo‘ladi. Ekilgan piyozlarga erta bahorda bir marotaba ishlov beriladi. Shuningdek, bir marotabadan kultivatsiya va chopiq, yengil oziqlantirish ishlari amalga oshiriladi. Uni yana ikki marotaba sug‘oriladi. Bahorda, yaʼni 15 aprelda piyoz texnik pishib yetiladi va aholi isteʼmoli uchun mahalliy bozorlarga chiqariladi. Yangi piyoz navining afzalligi – u odatiy piyozlarga qaraganda bir oy oldin pishib yetiladi.