15-noyabr Butunjahon chiqindilarni ikkilamchi qayta ishlash kuni munosabati bilan jurnalistlar uchun press-tur o'tkazildi.
Plastik chiqindilar - bu nafaqat ekologik muammo, balki katta iqtisodiy imkoniyatdir. O'zbekistonda yiliga 1,8 million tonna plastik chiqinda hosil bo'lishiga qaramay, ularning atigi 6,6 foizi qayta ishlanmoqda. Bu esa bizda qayta ishlash sanoatini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligidan darak beradi.
Plastik chiqindilar: xavf va imkoniyatlar
Plastik idishlar, asosan PET (polietilen tereftalat) materialidan tayyorlanadi. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, quyosh nuri va yuqori harorat ta'sirida PET idishlardan antimon kabi zararli kimyoviy moddalar suvga ajralib chiqishi mumkin. Boshqa plastik turlarida esa BPA (bisfenol-A) bo'lishi mumkin. Bu moddalar inson salomatligiga, ayniqsa bolalar va ayollar uchun jiddiy zarar yetkazadi.
Plastik chiqindilar tabiatda 450-500 yil davomida chirimay qoladi, atrof-muhitni ularning zararli ta'siridan himoya qilish uchun ularni qayta ishlash eng samarali usul hisoblanadi.
O'zbekistonda qayta ishlash sanoati: holat va istiqbollar
Hozirgi kunda mamlakatimizda plastik chiqindilarni qayta ishlovchi 116 ta korxona faoliyat ko'rsatmoqda. Ularning yillik quvvati 130 ming tonnani tashkil etadi, bu esa umumiy chiqindining atigi 6,6 foizigina to'g'ri keladi. Qolgan plastik chiqindilar esa chiqindi poligonlariga yoki noqonuniy chiqindixonalarga tashlanmoqda.
Davlatimiz tomonidan bu muammoni hal qilish uchun qator muhim chora-tadbirlar ko'rilmoqda:
"Nol chiqindi" tamoyiliga o'tish
2030-yilgacha "Nol chiqindi" tamoyiliga erishish maqsadida maishiy chiqindi poligonlari hududida chiqindilarni saralash punktlari va ekosanoat zonalari tashkil etilmoqda.
Chiqindilarni saralash tizimi
Ko'p qavatli uylar joylashgan hududlarda chiqindilarni 3-toifaga ("qayta ishlanadigan", "qayta ishlanmaydigan" va "oziq-ovqat") ajratgan holda saralab yig'ishni tashkil etish maqsadida 180 ta chiqindi yig'ish maydonchasi maxsus jihozlanib, ularga 106 ta chiqindi konteynerlari o'rnatildi.
Katta maqsadli loyihalar
Respublikamizning 6 ta hududida jami 933 million AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb etilib, chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi olishga mo'ljallangan zavodlar qurilmoqda. Ular 2027-yilda foydalanishga topshiriladi va kuniga 10 ming tonna chiqindini qayta ishlab, yiliga 1 milliard 564 ming kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Aholining o'rni
Chiqindilarni saralash va qayta ishlash tizimining muvaffaqiyati, avvalo, aholining faol ishtirokiga bog'liq. Har bir fuqaro quyidagi oddiy qadamlarni bajarish orqali muammoning yechilishiga hissa qo'shishi mumkin:
- Plastik mahsulotlardan foydalanishni kamaytiring
- Chiqindilarni toifalarga ajrating
- Qayta ishlanadigan materiallarni maxsus konteynerlarga tashlang
- Atrof-muhitni muhofaza qilishda faol ishtirok eting
Plastik chiqindilarni qayta ishlash nafaqat ekologik muammoni hal qiladi, balki yangi ish o'rinlari yaratadi, energiya resurslaridan samarali foydalanish imkoniyatini beradi va "yashil iqtisodiyot"ni rivojlantiradi. O'zbekiston bu yo'lda muhim qadamlarni bosmoqda, ammo muvaffaqiyat davlat, korxonalar va aholining hamkorligisiz amalga oshirib bo'lmaydi.
Kelajak avlod uchun toza va sog'lom muhit yaratish - bugun har birimizning burchidir!


