Vladimir Putinda “saylovoldi kayfiyat” yo‘q. Bu haqda uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov maʼlum qildi.
“Yilning ikkinchi yarmidan biz elektoral mavsumga kiramiz. Hozircha hech qanday elektoral yoki saylovoldi kayfiyat yo‘q — Putinning ishi ko‘p. Hozir u aniq bu haqda o‘ylamayapti”, – degan u “Isvestiya” gazetasiga bergan intervyusida.
Peskovning qo‘shimcha qilishicha, RFning amaldagi rahbari hozircha nomzodini qo‘yish-qo‘ymaslik haqida gapirmadi. Shu bilan birga Kreml rasmiysi “maxsus harbiy operatsiya”ga qaramay, saylovlar o‘z vaqtida o‘tkazilishini aytgan.
2020 yilda Rossiya konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Vladimir Putin yana 2 marta o‘z nomzodini prezidentlikka qo‘yishi mumkin. O‘sha yili o‘tkazilgan referendumda uning muddatlari “nollashtirilgandi”.
21 fevral kuni RF prezidenti Federal majlisga murojaati paytida 2024 yilgi saylovlar o‘z vaqtida o‘tkazilishini eʼlon qildi.


