Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh tashabbusi bilan tuzilayotgan G‘azo bo‘yicha xalqaro “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilish taklifini oldi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga ma’lum qildi deb xabar berdi RBC.
Uning so‘zlariga ko‘ra, taklif diplomatik kanallar orqali yetkazilgan va hozirda Rossiya tomoni ushbu tashabbusning barcha tafsilotlarini o‘rganmoqda. Shuningdek, Moskva taklif bilan bog‘liq barcha nuanslarni aniqlashtirish maqsadida Amerika tomoni bilan aloqalar o‘rnatishga umid qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Donald Tramp 2026-yil 16-yanvarda G‘azo Tinchlik Kengashi tashkil etilganini e’lon qilgan. Ushbu tuzilma G‘azo sektori bo‘yicha tinchlik rejasining bir qismi bo‘lib, mintaqada barqarorlikni ta’minlash, tinchlikni mustahkamlash va mojarolar xavfi mavjud hududlarda qonuniy boshqaruvni tiklashni maqsad qilgan.
Kengashning ijroiya qo‘mitasi tarkibiga AQSh Davlat kotibi Marko Rubio, AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Vitkoff, Jared Kushner hamda Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler kiritilgan.
Bloomberg agentligi xabariga ko‘ra, AQSh rasmiylari Kengashga doimiy a’zo bo‘lishni istagan davlatlardan kamida 1 milliard dollar miqdorida moliyaviy hissa kiritishni so‘ramoqda. Tinchlik Kengashiga qabul qilish va uning faoliyatiga oid yakuniy qarorlar AQSh prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Avvalroq, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev ham ushbu Tinchlik Kengashiga qo‘shilish taklifini olgan va Qozog‘iston tashkilotning ta’sischi a’zolari qatoriga qo‘shilishiga rozilik bildirgan edi.


