Kecha, 15 sentyabr kuni soat 13:20 atrofida Dehqonobod tumani “Dehqonobod” MFY hududidan o‘tgan M-39 “Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘lining 83 kilometrida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Maʼlum qilinishicha, haydovchi X.X. “Kamaz” rusumli yuk avtomashinasini boshqarib kelayotgan vaqti orqa tirkamasi chiqib ketgan. Natijada qarama-qarshi tomondan harakatlanib kelayotgan “Kamaz“ning chap yon tomonidan tegib, oldinda qarama-qarshi tomondan harakatlanib kelayotgan “Labo“ rusumli avtomashinasi old tomoniga borib urilgan. Shundan so‘ng yo‘l chetida to‘xtab turgan Cobalt rusumli avtomashina bilan to‘qnashgan.
Oqibatda “Labo“ rusumli avtomashina haydovchisi M.M. olgan tan jarohatlari sabab tuman shifoxonasiga yotqizilgan.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.


