1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Raqobat qo‘mitasi restoran va kafelerni ogohlantirdi

Maʼlum bo‘lishicha, ayrim restoran va kafelarda taomlar narxidan tashqari 10–15 foiz, baʼzan esa 20 foizgacha xizmat haqi qo‘shimcha to‘lov sifatida undirilmoqda.

Raqobat qo‘mitasi restoran va kafelerni ogohlantirdi

Raqobat qo‘mitasi respublikadagi barcha turdagi umumiy ovqatlanish korxonalarini ogohlantirib chiqdi.

 

Qayd etilishicha, Raqobat qo‘mitasiga umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyati bo‘yicha isteʼmolchilardan kelib tushayotgan murojaatlarda ayrim restoran va kafelarda taomlar narxidan tashqari 10–15 foiz, baʼzan esa 20 foizgacha xizmat haqi qo‘shimcha to‘lov sifatida undirilayotgani hamda avvaldan depozit mablag‘lar talab qilinayotgani haqida fikrlar bildirilgan.

 

Vazirlar Mahkamasining 75-sonli qarori “O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarni) ishlab chiqarish va sotish qoidalari"ga asosan, umumiy ovqatlanish korxonalari quyidagi turlarga bo‘linadi: restoran, vagon-restoran, bar, kafe, mavsumiy kafe, kafeteriy, oshxona, choyxona, bufet va kichik oshxona.

 

Jumladan, restoran — o‘z nomiga ega bo‘lgan, isteʼmolchilarga murakkab usulda tayyorlanadigan yuqori sifatli kulinariya va qandolatchilik mahsulotlarining keng assortimentini hamda ichimliklarni taqdim etadigan eng qulay umumiy ovqatlanish korxonasi. Restoran taomnomasiga majburiy tartibda porsiyali va firma ovqatlari kiritiladi. Xizmat ko‘rsatish dam olish, ovqatlar pishirish va xizmat ko‘rsatish bilan uyg‘unlashtirilgan holda yuqori malakali oshpazlar va ofitsiantlar tomonidan amalga oshiriladi.

 

Bar — tik turgan holda isteʼmolchilarga ichimliklar va zakuskalar bilan xizmat ko‘rsatishni tashkil qiladi. Sotiladigan ichimliklar va mahsulotlar turlariga ko‘ra barlar pivo, vino, kokteyl, sut barlari va boshqa barlarga ixtisoslashgan bo‘ladi.

 

Kafe — isteʼmolchilarga turli qaynoq va sovuq ichimliklar, qandolatchilik, sut mahsulotlari hamda tayyorlanishi murakkab bo‘lmagan kulinariya mahsulotlarini taqdim etadi. Sotiladigan mahsulotlari yoki yo‘nalishiga ko‘ra kafelar: shirinliklar, muzqaymoq, sut kafesi, bolalar kafesi, yoshlar kafesi va shu kabilarga ixtisoslashgan bo‘ladi, ularda o‘z o‘ziga xizmat ko‘rsatish yoki ofitsiantlar tomonidan xizmat ko‘rsatish usullari qo‘llaniladi, kechki vaqtlarda musiqiy xizmat ko‘rsatish tashkil etilishi mumkin.

 

Oshxona — bu isteʼmolchilarni nonushtalar, tushliklar va kechki ovqatlar bilan taʼminlovchi korxonadir. Ularda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish usuli qo‘llaniladi.

 

Bufet — bu isteʼmolchilarga cheklangan turdagi qaynoq va salqin ichimliklar, sovuq taomlar va zakuskalar, non-bulka va qandolatchilik mahsulotlari, shuningdek oson tayyorlanadigan issiq va shirin taomlar bilan jadal xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan korxonadir. Unda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish yoki ofitsiantlar tomonidan xizmat ko‘rsatish qo‘llaniladi.

 

Kichik oshxona — bu isteʼmolchilarga oson tayyorlanadigan taomlar va zakuskalar, qaynoq va salqin ichimliklar bilan jadal xizmat ko‘rsatishni tashkil etuvchi korxonadir. Sotiladigan mahsulotlar turiga ko‘ra kichik oshxonalar quyidagilarga ixtisoslashgan bo‘lishi mumkin: kabobxona, somsaxona, va boshqa shu kabilar.

 

O‘zbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 4, 19 va 21-moddalariga asosan isteʼmolchi tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq maʼlumot olish, ularni erkin tanlash hamda sifatli bo‘lishiga talab qilishga haqli.

 

Ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart.

 

Sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

 

“Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi umumiy ovqatlanish sohasidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarini qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga yo‘l qo‘ymasliklari, yaʼni umumiy ovqatlanish korxonalari turlaridan kelib chiqib isteʼmolchilarning o‘z-o‘ziga xizmat qilish imkoniyatini yaratish, taomlar narxi, xizmat ko‘rsatish tartibi va ular bilan bog‘liq shartlar, shu jumladan ofitsiant xizmati uchun haq miqdori haqidagi maʼlumotlar bilan o‘z vaqtida to‘liq tanishtirib o‘tishlari lozimligi borasida ogohlantiradi”, deyiladi xabarda.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика