Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva shahar bo‘yicha bosh boshqarmasi ma’lum qilishicha, poytaxt hududida migratsiya qonunchiligini buzgan 1 500 dan ortiq chet el fuqarosiga nisbatan deportatsiya choralari ko‘rilmoqda.
Vazirlik matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, aniqlangan xorijliklarning uchdan bir qismi allaqachon Rossiya Federatsiyasi hududidan chiqarib yuborilgan. Qolgan shaxslarga nisbatan tegishli qarorlar kuchga kirgan.
“Bugungi kunga qadar 1 400 ga yaqin fuqaroga deportatsiya to‘g‘risida qarorlar qabul qilingan, 450 dan ortiq shaxs esa mamlakatdan chiqarilgan”, — deyiladi rasmiy bayonotda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon Moskvada huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan 240 dan ortiq qidiruvdagi shaxs aniqlangan. Shu bilan birga, 32 nafar shaxsga nisbatan Rossiya fuqaroligini bekor qilish bo‘yicha qarorlar qabul qilingan.
Ichki ishlar organlari yil boshidan beri migratsiya bilan bog‘liq 58 mingdan ortiq huquqbuzarliklarni qayd etgan. Ulardan 15 mingdan ziyodi xorijiy fuqarolar yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan Rossiyada bo‘lish qoidalarini buzish bilan bog‘liq.
Bundan tashqari, 3 700 ta holatda soxta hujjatlar orqali noqonuniy ro‘yxatdan o‘tish harakatlari fosh etilgan.


