Bugun Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva “The Walt Disney Company” kompaniyasining vitse-prezidenti, “Emmi” mukofotining 7 karra sovrindori Hayma Vashington bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi — Toshkentni bolalar kontenti ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqaviy markazga aylantirishdir.
Gollivud mutaxassislari bilan hamkorlikda animatorlar, rejissyorlar va ssenariynavislarning yangi avlodini tayyorlash rejalashtirilmoqda. Janob Vashington O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga qiziqish bildirgan va barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Shuningdek, uchrashuvda “Disney”ning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasini ochish, kontenti to‘liq o‘zbek tilida efirga uzatiladigan telekanal tashkil etish, “Cinema Park” kreativ parkini yaratish va kelgusida mintaqa turizmini rivojlantiradigan “Disneyland” tematik bog‘ini barpo etish loyihalari muhokama qilindi.


