Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“Uchrashuvda xalqlarimizni o‘zaro ishonch va hurmat asosida taraqqiyot va farovonlikka intilish birlashtirayotgani alohida taʼkidlandi. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston bilan eng yaqin qo‘shni va strategik hamkor sifatida munosabatlarni mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratadi.
Chegara masalalari bo‘yicha muvaffaqiyatli kelishuvlar, milliy ID hujjatlarini o‘zaro tan olish, qo‘shma korxonalar hamda Qambarota GES-1 va Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li kabi yirik umumiy loyihalar buning yaqqol tasdig‘idir.
Uchrashuvda mamlakatlarimizda o‘tkazilayotgan “Zakovat” intellektual o‘yini musobaqalari ham eʼtirof etildi. Bu loyiha yoshlarimiz o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilayotgan juda samarali tashabbus sifatida qayd etildi.
O‘zbekiston va Qirg‘izistonni asrlar davomida shakllangan qardoshlik va qo‘shnichilik rishtalari birlashtirib turadi. Biz ularni qadrlaymiz va kelgusida yana-da mustahkamlaymiz”, deb yozdi Mirziyoyeva o‘z sahifasida.


