Ba’zi ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimida ishlagan M.X. ozod etilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Oliy sud rasmiy bayonotiga ko‘ra, ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2024-yil 10-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining ajrimi bilan M.X.ga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda u tergov hibsxonasida saqlanmoqda.
Mazkur shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167, 205, 206, 209, 210 va 229-4-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik ayblovi qo‘yilgan.
Ayni paytda M.X.ga oid jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudi ish yurituvida bo‘lib, hozirda ishni mazmunan ko‘rib chiqish uchun tayinlash bosqichidadir.
Eslatib o‘tamiz, Sharof Rashidov tumani hokimi 10 ming AQSh dollari miqdorida pora olayotgan paytda qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, DXX o‘tkazgan tezkor tadbir davomida Guliston shahar prokurori o‘rinbosari ham o‘z xizmat xonasida 10 ming dollar bilan ushlan edi.


