Ijtimoiy tarmoqlarda to‘y kuni sahnada kelin-kuyov o‘yin o‘ynab, musobaqalashgani, natijada yigit yutqazib, alamidan qizni urgani tasvirlangan video tarqaldi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot kotibi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 2022-yil 6-iyun kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumanida bo‘lib o‘tgan nikoh to‘yi marosimida kelin va kuyovga o‘ralgan holda shirinlik berilgan va uni kim birinchi bo‘lib ochish (“Syurpriz” o‘yini) o‘yini o‘tkazilgan.
O‘yin davomida kelin birinchi bo‘lib shirinlikni ochganligi sababli bu holatdan kuyovni jahli chiqib, kelinni bir marotaba urgan.
“Mazkur holat yuzasidan Uzun tumani IIB tomonidan fuqaro X. R. (quyov)ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqishlik uchun sudga yuborildi”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, kelin-kuyov va ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.


