Tailandda qurilish krani qulashi oqibatida yo‘lovchi poyezdi relsdan chiqib ketdi. Hodisa natijasida kamida 22 kishi halok bo‘ldi, 55 kishi turli darajadagi jarohatlar oldi. Bu haqda mahalliy OAV va qutqaruv xizmatlari ma’lum qildi deydi RBC nashri.
Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, fojia 14-yanvar kuni mamlakat shimoli-sharqida joylashgan Nakhon Ratchasima (Korat) provinsiyasining Sikhio tumanida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Bangkokdan Ubon Ratchathani provinsiyasiga yo‘l olgan yo‘lovchi poyezdi harakatlanib o‘tayotgan vaqtda yuqori tezlikdagi temir yo‘l ko‘prigi qurilishida foydalanilayotgan kran qulab tushgan. Kranning trosi lokomotivga o‘ralashib qolgan, natijada poyezd relsdan chiqib ketgan. Hodisa oqibatida ikkinchi va uchinchi vagonlar jiddiy shikastlangan.
Poyezdda taxminan 190 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ayrim yo‘lovchilar vagonlar ichida qisilib qolgan. Qutqaruvchilar tomonidan jabrlanganlar, jumladan, bir nafar bola kasalxonaga yetkazilgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, hodisadan avval kranning poyezd tomiga qulaganiga o‘xshash kuchli shovqin eshitilgan, shundan so‘ng poyezd keskin tormozlab, relsdan chiqib ketgan.
Ma’lum qilinishicha, hodisa sodir bo‘lgan ko‘prik Tailand–Xitoy yuqori tezlikdagi temir yo‘lining Bangkok–Nakhon Ratchasima yo‘nalishi doirasida qurilayotgan edi. Voqea yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.


