Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan poytaxt va unga tutash hududlarda atmosfera havosining sifatini yaxshilash, iqlim o‘zgarishiga bog‘liq xavflarni kamaytirish maqsadida “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida havo ifloslanishining oldini olish va iqlim o‘zgarishining oqibatlarini yumshatish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur hujjat Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan bo‘lib, unda hududdagi asosiy ekologik muammolardan biri — sanoat korxonalari hamda issiqxona xo‘jaliklaridan chiqayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini kamaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Qaror loyihasi doirasida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan:
- sanoat korxonalari va issiqxonalarda chang hamda gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish;
- issiqxonalarda eskirgan, me’yoriy talablarga javob bermaydigan qozonlarni energiya samarador, ekologik toza tizimlarga almashtirish;
- ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishni bosqichma-bosqich qisqartirish va alternativ energiya manbalariga o‘tish;
- korxonalarga ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish, tozalash inshootlari va avtomatik havo monitoringi tizimlarini joriy etishda moliyaviy rag‘batlar (shu jumladan, grantlar) berish.
Ushbu tashabbuslarning amalga oshirilishi havo ifloslanishini sezilarli darajada kamaytirish, ekologik xavfsizlikni oshirish hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisi uchun sog‘lom va qulay yashash sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ekologik me’yorlarni kuchaytirish O‘zbekistonning iqlim barqarorligini mustahkamlash va “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga o‘tish strategiyasining muhim tarkibiy qismi sifatida qayd etilmoqda.


