Ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida Cobalt va Lacetti haydovchilari o‘rtasida mushtlashuv sodir bo‘lgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan shahar IIBB axborot xizmati ma’lumot berdi.
Kecha, 1 sentabr kuni soat 15:45 larda Yashnobod tumanining Aviasozlar va Qorasuv ko‘chalari kesishmasida 34 yoshli Cobalt haydovchisi B.N. hamda 26 yoshli Lacetti haydovchisi Sh.U. mayda to‘qnashuv sodir etgan. Shundan so‘ng to‘qnashuv sabab yo‘l harakati qatnashchilari o‘rtasidagi janjal mushtlashuvga aylanib ketgan.
Hodisa oqibatida Cobalt yo‘lovchisi 36 yoshli B.N. tan-jarohatlari olib, shifoxonaga murojaat qilgan.
Hozirda holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.


