28-may kuni Toshkentdan Moskvaga yo‘l olgan SU1871 reysi dronlar hujumi sababli Rossiyaning Qozon shahriga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tungi soat 03:00 da Toshkentdan havoga ko‘tarilgan samolyot Moskvadagi aeroportlar yopilgani sabab Qozonga yo‘naltirilgan. Samolyot soat 04:55 da Qozonga qo‘ndi, biroq yo‘lovchilarga na samolyotdan chiqishga ruxsat berilgan, na Moskvaga parvoz haqida aniq ma’lumot taqdim etilgan.
Yo‘lovchilarning aytishicha, bir muddat ular Qozonda tushirilishi mumkinligi haqida xabar berilgan, ammo keyinchalik bu qaror bekor qilingan va “Aeroflot” kompaniyasining navbatdagi qarori kutilayotgani ma’lum qilingan. Oradan vaqt o‘tib, ularga yaqin 12 soat ichida parvoz rejalashtirilmagani, ekipajning ish vaqti tugagani va Qozon aeroporti haddan tashqari yuklangani sababli yangi samolyotlarni qabul qila olmasligi haqida axborot berilgan.
Dronlar hujumi oqibatida Moskvaning barcha yirik aeroportlarida yuzlab reyslar kechiktirildi yoki bekor qilindi. Xususan:
Vnukovoda 64 ta uchish va 74 ta qo‘nish reysi;
Domodedovoda 30 ga yaqin uchish va 39 ta qo‘nish;
Sheremetyevoda 60 dan ortiq uchish va 23 ta qo‘nish;
Jukovskiyda 2 ta uchish va 6 ta qo‘nish reysi kechiktirildi yoki bekor qilindi.
Ba’zi samolyotlar zaxira aeroportlar — Sankt-Peterburgdagi Pulkovo yoki Qozon aeroportlariga yo‘naltirilgan. “Rosaviatsiya” ma’lumotiga ko‘ra, Moskvadagi cheklovlar Toshkent vaqti bilan soat 9:15 da bekor qilingan.


