AQSh prezidenti Donald Tramp Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga rasmiy taklifnoma yubordi. Unda Turkiya prezidentini G‘azo sektori bo‘yicha tashkil etilgan Tinchlik Kengashining asoschi a’zosi sifatida ishtirok etishga taklif qilgan. Bu haqda Turkiya Prezidenti ma’muriyati kommunikatsiyalar departamenti rahbari Burhoniddin Duranga tayanib, TRT Haber ma’lum qildi.
Duran so‘zlariga ko‘ra, BMT Xavfsizlik Kengashining 2803-rezolyutsiyasi Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan G‘azo mojarosini yakunlash bo‘yicha keng qamrovli rejani qo‘llab-quvvatlagan. Mazkur rejaga muvofiq, xavfsizlik, boshqaruv va qayta qurish jarayonlarini muvofiqlashtiruvchi Tinchlik Kengashi va uning tarkibiy tuzilmalari shakllantirilmoqda. Tramp 2026 yil 16 yanvarda Erdo‘g‘anga yo‘llagan maktubida uni Kengashning asoschi raisi sifatida ko‘rishni istayotganini bildirgan.
Oq uy e’lon qilgan ro‘yxatga ko‘ra, Tinchlik Kengashida AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff, Jared Kushner, sobiq Buyuk Britaniya bosh vaziri Toni Bler, yirik tadbirkorlar va AQSh milliy xavfsizlik tizimi vakillari ham bor. Kengashga shaxsan Donald Tramp raislik qiladi.
Shuningdek, G‘azoda kundalik boshqaruv va xizmatlarni muvofiqlashtiruvchi Ijroiya kengashi ham tuzilmoqda. Uning tarkibiga Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan, Qatar, Misr, BAA va Yevropa davlatlari vakillari kiritilgan. Xavfsizlikni ta’minlash uchun esa 2027 yil oxirigacha faoliyat yuritishi rejalashtirilgan Xalqaro barqarorlik kuchlari joylashtiriladi.
Mazkur tashabbus Turkiyaning mintaqadagi siyosiy va diplomatik rolini yanada kuchaytirishi mumkin. Erdo‘g‘anning taklifga qanday javob berishi esa yaqin kunlarda ma'lum bo'lishi kutilmoqda.


